Bugun O‘zbekiston hududiga nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib keldi, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘li hududlarda qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Cho‘l hududlarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduzi -3...+2 darajani, shimolda -3...-8 darajani tashkil etadi.
Ertaga faqat respublikaning markaziy, sharqiy va tog‘li hududlarida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi saqlanib turadi. O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.
Aksariyat hududlarda havo harorati kechasi -0...-5 darajagacha pasayadi, kunduzi +2...+7 darajani tashkil etadi, shimolda kechasi -8...-13 daraja, kunduzi -0...-5 daraja bo‘ladi.
15-16 yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlari tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.
O‘zbekiston bo‘yicha ish haftasining oxirigacha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati kechalari -3...+2 darajani tashkil etadi, kunduz kunlari +8...+13 darajagacha asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda.
Poytaxtda 15 yanvar kuni vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Shamol g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat -1...+1 daraja bo‘ladi.
16 yanvarda vaqti-vaqti bilan biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi -1...-3 daraja, kunduzi +2...+4 daraja bo‘ladi.
17-18 yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Havo harorati 17 yanvarda kechasi -1...-3 daraja, kunduzi +6...+8 daraja, 18 yanvarda kechasi -1...+1 daraja, kunduzi +8...+10 daraja bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring