Foto: Bosh prokuratura
Prokuratura organlarining ishini yangicha asosda tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar aniq belgilab olindi. Bu haqda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev aholiga murojaatida ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, avvalo, mamlakatda qonun va adolat ustuvorligini, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash prokuratura faoliyatining asosiy mezoni bo‘ladi.
Shuningdek, aholini qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni tezkorlik bilan bartaraf etish, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi prokuratura organlarining doimiy e’tiborida bo‘ladi.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qulay biznes muhitini yaratish, tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak berish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar kuchaytiriladi.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dasturlar ijrosi alohida nazoratga olinib, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash, talon-toroj qilinishining oldini olish borasidagi ishlar davom ettiriladi. Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashishga ahamiyat beriladi.
Davlat idoralarida korrupsiyaning barvaqt oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun vazirlik va idoralarning ichki nazorat tuzilmalari ishi yanada kuchaytiriladi, soha va tarmoqlar faoliyatini raqamlashtirishga doir vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinadi. Bu borada nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan hamkorlik kuchaytiriladi.
Prokuror maqomiga dog‘ tushiradigan, nopok, zimmasidagi vazifa va vakolatlarni suiiste’mol qiladigan, fuqarolar bilan bepisand va qo‘pol muomalada bo‘ladigan, befarq va loqayd kimsalarga keskin choralar ko‘riladi.
«Ana shu g‘oyat muhim va dolzarb vazifalarni samarali amalga oshirish va sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda bosh prokuror sifatida men butun mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmamga olaman», deyiladi murojaatda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring