13:01 / 21.01.2024
446

O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilashga doir qonun ma’qullandi

O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilashga doir qonun ma’qullandi

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ekologik vaziyatni yaxshilashga doir qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Majlisda qayd etilishicha, O‘zbekistonda qurilish, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish uchun qonunlarda atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlarning faoliyatini maxsus vakolatli davlat organlarining qaroriga ko‘ra cheklash yoki to‘xtatib turish mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga qonunchilikda tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan noaniq ta’riflarning mavjudligi davlat organlarining diskretsion vakolatlari kengligi bilan bog‘liq korrupsiya holatlari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Senat ma’qullagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlarga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarni, birinchi navbatda, aholining hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish zaruratini hisobga olgan holda qabul qilish asoslarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar fikricha, ushbu qonun ekologik vaziyatni yaxshilashga, aholining hayotiga va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olishga, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishga, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etishga hamda vakolatli davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat