22:35 / 23.02.2024
164

O‘zbekistonda sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshiriladi

O‘zbekistonda sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi amalga oshiriladi
2024/2025 o‘quv yilidan boshlab hududlarda sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasiga start beriladi. Davlat dasturiga ko‘ra, loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida amalga oshiriladi.

Buning doirasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanadi.

Yangi o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejerlik bo‘yicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har besh yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Davlat dasturida 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, milliy sertifikatga ega o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil dekabr oyidagi yig‘ilishlardan birida e’lon qilgan edi. Tarix fani o‘qituvchilariga ustama to‘lanishi esa ilk marta ma’lum bo‘lmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat