12:45 / 10.04.2024
82

Sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi (video)

Sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi (video)
Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yakkabog‘ tumanida yashovchi shaxs «Banksef», «Zanasef», «Gansef» va «Gandsef» nomli jami 3.767 dona dori vositalarini 54 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

U dori vositalarini mazkur tumanda yashovchi fuqarodan olgani aniqlanib, ushbu shaxs ham muqaddam sotgan dorilari uchun 26 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 1 mlrd 307 mln so‘mlik jami 14 909 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xulosalariga ko‘ra, ushbu dori vositalari – tibbiyotda qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada, xonadonda Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 593 mln 142 ming so‘mlik 49 020 dona flakonda “Ampisul” nomli dori vositalari borligi aniqlandi hamda ularning egasi hisoblangan, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi shaxs qo‘lga olindi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalarini Farg‘ona viloyatida yashovchi 2 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab o‘tib, olib kelgani aniqlanib, ular ham ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi (video)