Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrikning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.
Hurmatli Forum qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz azizlarni – dunyoning olis va yaqin mintaqalaridan tashrif buyurgan muhtaram mehmonlarimizni Osiyo xotin-qizlari forumining ochilishi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlarni qadimiy va navqiron Samarqand shahrida qizg‘in qutlash hamda o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan g‘oyat baxtiyorman.
Ushbu tashabbusimizni faol qo‘llab-quvvatlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi janob Antoniu Guterrishga, anjumanni birgalikda tashkil etib, unda bevosita ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus xonim, BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbari Tatyana Valovaya va Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong janoblariga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.
Bugungi forumda xalqaro tashkilotlar va Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari, senator va deputatlar, hukumatlar a’zolari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, ko‘plab ishbilarmon va olima ayollar qatnashayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim.
Sizlarning sa’y-harakatingiz bilan yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirish, o‘zaro tajriba almashish va do‘stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi kunda dunyoda jadal rivojlanib borayotgan Osiyo qit’asining barcha mamlakatlari va xalqlari asrlar davomida yagona keng makonda uyg‘un va hamjihatlikda rivojlanib, turli sohalarda yaqin hamkorlik aloqalarini olib borganlar.
Buyuk Ipak yo‘lining savdo chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi ming yillar mobaynida turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar taraqqiyoti uchun qudratli kuch bag‘ishlagan, yuksak umumbashariy qadriyatlarning ulkan ma’naviy beshigi bo‘lgan.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston Osiyo qit’asining ham barcha mamlakatlari bilan uzoq muddatli, keng qamrovli va o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil chuqurlashtirib borishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani bejiz emas, albatta.
Sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi istiqomat qilayotgan Osiyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va ta’sirini keskin oshirish borasida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Bizning mamlakatimizda ham ayollar jamiyatimizning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib, ularning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangi qabul qilingan Konstitutsiyamiz, “Taraqqiyot strategiyasi – 2030” va O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish Strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o‘zining to‘liq ifodasini topgan.
So‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat. Bugun har bir mahallamizda ham ularning o‘z vakillari bor.
Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda.
Bu borada olib borayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgani, ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Qadrli do‘stlar!
Biz Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rahbarlik qobiliyatini va tadbirkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqirish, ularga zamonaviy bilim berish, kasb-hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash, ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj ayollarning muammolarini tizimli hal qilish bo‘yicha boshlagan katta ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.
Zero, bugungi tarixiy o‘zgarishlarning faol ishtirokchisi bo‘layotgan muhtarama ayollarimiz – ortga qaytmas tus olgan demokratik islohotlarimiz va jadal taraqqiyotimizni amalga oshirishda bunyodkor kuch, biz qurayotgan adolatli va tinchliksevar, ko‘pmillatli va farovon mamlakatning mustahkam asosidir.
O‘ylaymanki, sizlar ushbu forumni har ikki yilda o‘tkaziladigan an’anaviy muloqot maydoniga aylantirish bo‘yicha taklifimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaysiz.
Bugungi anjuman natijasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi asosida kelgusida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasining qabul qilinishi barchamizning bu boradagi ezgu intilishlarimizning yorqin amaliy ifodasi bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, barchangizga yana bir bor sihat-salomatlik, baxt va omad, forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi