11:59 / 25.07.2024
147

Sog‘liqni saqlash vazirligi jaziramadan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi jaziramadan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 25-29 iyul kunlari O‘zbekistonda juda issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, respublikaning aksariyat hududlarida harorat kunduzi 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44-45 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinyapti.

Xo‘sh, bunday ob-havo sharoitida aholi o‘z salomatligini asrash uchun qanday tavsiyalarga amal qilishi kerak?

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati jazirama kunlarda, eng avvalo, bolalar, qariyalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar o‘z sog‘ligiga yanada e’tiborli bo‘lishlari zarurligini eslatdi.

Soat 10:00 dan 17:00 ga qadar soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.

Tashqariga chiqish lozim bo‘lsa, tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan liboslar va yengil bosh kiyim kiyish hamda quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish maqsadga muvofiq.

Issiq ob-havoda kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish kerak.

Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilmaslik lozim. Yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha ko‘proq meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.

Quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, qusish, burundan qon ketishi, quloqlarda shovqin, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Hatto ayrim paytlarda tutqanoq tutish, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi va bemor hushini yo‘qotishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xo‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak. Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.

Ma’lumot uchun, mamlakatda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo‘lga qo‘yildi.

Hududlardagi barcha birlamchi tibbiyot muassasalarida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab 2 852 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi shoshilinch tibbiy yordam qabul bo‘limlarida hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanib, zaxira o‘rinlari yaratilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sog‘liqni saqlash vazirligi jaziramadan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi