23:20 / 06.09.2024
7

O‘zbekiston xitoyliklar uchun navbatdagi eng yaxshi sayohat yo‘nalishiga aylandi

O‘zbekiston xitoyliklar uchun navbatdagi eng yaxshi sayohat yo‘nalishiga aylandi
Foto: XINHUA
Xitoyning China Daily nashrida Adhamjon Janobiddinovning “O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun navbatdagi eng yaxshi sayohat yo‘nalishiga aylandi” nomli maqolasi e’lon qilindi. Quyida e’tiboringizga mazkur maqolani havola qilamiz.

“O‘zbekiston qadim Ipak yo‘lida joylashgani bois O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ming yillar avvalga borib taqaladi. Biroq Xitoy elchisining Farg‘onaga (hozirgi O‘zbekiston) birinchi tashrifi miloddan avvalgi 128 yilga to‘g‘ri keladi. Ming yillar davomida bu ikki xalq o‘rtasida madaniyat va an’analar almashinuvi davom etib kelmoqda. 1991 yilda Xitoy O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi va 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Yillar o‘tgani sayin Xitoy—O‘zbekiston hamkorligi jadal rivojlanib, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi oshdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni ham keskin ko‘tarildi. O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Xitoydan O‘zbekistonga 42 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan.

Ma’lumki, Xitoy dunyodagi eng yirik turizm sektoriga egalik qiladi. Shunday ekan, har yili 100 milliondan ortiq xitoy fuqarosi chet el sayohatida bo‘ladi. Tailand, Fransiya va BAA xitoylik sayyohlar uchun eng mashhur yo‘nalishlar bo‘lsa-da, endilikda O‘zbekiston ham turizm ixlosmandlarini o‘ziga jalb qilmoqda.

Birinchidan, O‘zbekiston sayohat uchun juda qulay davlat, O‘zbekiston Xitoy fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilib, sayyohlarga mamlakatda 10 kungacha qolish imkonini taqdim etadi.

Ikkinchidan, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida haftasiga 50-100 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar mavjud bo‘lib, sayohatchilar o‘zlari istagan vaqtda uchib kelish imkoniga ega.

O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida esa soatlab suhbat qurish mumkin. Mamlakat o‘zining noyob me’morchiligi, maftunkor tabiati va o‘ziga xos madaniyati bilan mashhur. O‘zbekistonda YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy obidalar, minglab tarixiy va arxeologik obyektlar joylashgan.

Toshkent O‘zbekistonning poytaxti bo‘lib, zamonaviy binolari, go‘zal bog‘lari va noyob sovet me’morchiligi bilan mashhur. Bu yer Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholi yashaydigan shahri. Shaharning diqqatga sazovor joylaridan biri — o‘z vaqtida dunyodagi uchinchi eng baland minora bo‘lgan Toshkent teleminorasi, gavjum Chorsu bozori, O‘zbekiston Disneylendi sifatida tanilgan The Magic City Park.

Qolaversa, Toshkent metrosi ham sayohatchilar eng gavjum bo‘ladigan yerlardan biri hisoblanadi. Toshkent metrosi shunchaki metro emas, balki muzey ham. Har bir bekat turli arxitektura uslublari asosida qurilgan.

O‘zbekistonning ikkinchi yirik shahri Samarqand Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shahar sifatida tanilgan bo‘lib, 2007 yilda shaharning 2750 yilligi nishonlandi. Samarqand uzoq muddat Temuriylar saltanatining poytaxti bo‘lib xizmat qilgan. 1370 yilda Amir Temur tomonida Temuriylar saltanatiga asos solingan. Bu tarixdagi eng yirik imperiyalardan biri edi. Tarixchilar ta’riflaganidek, “Temuriylar saltanatining sharqidan g‘arbiga borish uchun 6 oy vaqt kerak bo‘lgan”. Amir Temur o‘z davrida Samarqand shahriga eng iste’dodli me’mor va musavvirlarni taklif qilib, ularga go‘zal inshootlar qurish vazifasini topshiradi. Bir necha asrlar o‘tib, bugungi kunda ham bu obidalar sayyohlarni hayratga solmoqda.

Buxoro 2000 yildan ortiq tarixga ega, O‘zbekistonning yana bir ko‘hna shahri hisoblanadi. Samarqand, Toshkent, Qo‘qon kabi shaharlar qatorida Buxoro ham Ipak yo‘lining boy tarixida muhim o‘rin tutadi. Buxoro o‘z vaqtida Buxoro amirligining poytaxti bo‘lgan va hozir ham tarix ixlosmandlarini jalb etishda davom etmoqda. Shahar mehmonlari o‘z tashriflari davomida Amir qal’asi va bir qancha me’moriy yodgorliklar bilan tanishishlari mumkin.

Mamlakatdagi tarixiy obidalar orasida Minorai Kalon ham o‘zgacha o‘rin tutadi. Tarixiy qo‘lyozmalarga ko‘ra, hatto Chingizxon ham minora buzilishiga yo‘l qo‘ymagan.

O‘zbekiston shaharlari betakror tarixi va san’ati bilan faxrlanishga arziydi. Qolaversa, O‘zbekiston boy tarixi bilan nafaqat makon balki zamon bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Ipak yo‘li sharofati bilan O‘zbekiston turli madaniyatlarning kesishma nuqtasi bo‘lib, bu betakror rang-barang liboslar, mazali taomlar va go‘zal an’analar yaralishiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston hunarmandchilikning ham vatani hisoblanadi. Farg‘ona vodiysidagi Qo‘qon shahri hunarmandchilik poytaxti sifatida tanilgan, bu shahar har yili xalqaro hunarmandchilik festivallariga mezbonlik qiladi. Qo‘qon va uning chegaradosh shaharlarida asrlar davomida o‘ziga xos uslubni saqlab kelayotgan hunarmandlar yashaydi. Marg‘ilonlik oilalar bir necha asrlardan buyon adras, shoyi mato ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa, Rishtondagi oilalar ko‘rkam kulolchilik buyumlarini yaratadi. Ushbu shaharlar hunarmandchilik san’ati ishqibozlari tomonidan tashrif buyurilishi shart bo‘lgan joylardir.

Tabiat ixlosmandlari O‘zbekistonning noyob o‘simlik va hayvonot dunyosidan bahramand bo‘lishlari mumkin. O‘zbekistonning Jizzax viloyatida joylashgan Zomin qo‘riqxonasi o‘zining tog‘li manzarasi bilan mashhur. Toshkent viloyatidagi “Amirsoy” dam olish maskani Shveysariya bilan hamkorlikda qurilgan bo‘lib, chang‘i sporti va boshqa qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlarga ega. Mehmonlar, shuningdek, Qizilqum safaridan bahramand bo‘lishlari mumkin. Bu ularga Markaziy Osiyoning noyob cho‘lida ma’lum muddat yashab qolish imkonini beradi. Yana bir noyob manzil — bir vaqtlar suv hajmi bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinni egallagan, keyin esa suvining 90 foizdan ko‘prog‘ini yo‘qotgan Orol dengizidir.

Har bir sayohatchi uchun dam olish manzilini tanlashda xavfsizlik eng muhim omillardan biridir. 2024 yilgi xavfsizlik indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston xavfsizlik bo‘yicha yana bir qancha reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan. Deyarli har bir turistik obyektlarda esa bir nechta xorijiy tillarni yaxshi biladigan turizm politsiyasi mavjud. Mehmonlar yordam so‘rash uchun istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin.

Qolaversa, mehmondo‘stlik o‘zbek madaniyatining ajralmas qismidir. O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘lida joylashgani ziyoratchilar, jumladan, xitoylik savdogarlarni kutib olishda boy tarixga ega ekanligini anglatadi. Mahalliy aholi mehmonlarni o‘z uylariga taklif qilib, ularga juda do‘stona munosabatda bo‘lishardi. Bugun ham O‘zbekiston xalqi barcha uchun bag‘rikeng va mehmondo‘st.

Buyuk Ipak yo‘li davridagidek, O‘zbekiston barcha mehmonlarni quchoq ochib kutib olishga tayyor. Ikki mamlakatning umumiy tarixi, geografik yaqinligi va madaniy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston xitoylik sayohatchilar uchun eng yaxshi tanlov bo‘lib qolmoqda. Xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqaning kuchayishi esa tarixiy rishtalarni yanada mustahkamlaydi”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston xitoyliklar uchun navbatdagi eng yaxshi sayohat yo‘nalishiga aylandi