
Oʻzbekistonda turoperatorlarga xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablagʻ bilan ta'minlash maqsadida 25 milliard soʻmgacha kreditlar beriladi. Bu haqda hukumat qarorida belgilandi.
2024 yil 1 sentyabrdan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali rezident boʻlgan va kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi turoperatorlarni aylanma mablagʻlar bilan ta'minlash uchun yillik 14 foiz stavka boʻyicha milliy valyutada 50 million dollar miqdorida kredit liniyasi ochilgan.
Bunda yillik foiz stavkasining 3 foizdan oshmaydigan miqdorda bank marjasi belgilanadi, kredit mablagʻlari esa turoperatorlarga 10 yil muddatga ikki yillik imtiyozli davr (foizlar va asosiy qarz boʻyicha) bilan ajratiladi.
Turoperatorlarga kreditlar tijorat banklari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etiladi.
Kreditlar bir xoʻjalik yurituvchi sub'ektga aylanma mablagʻlarni shakllantirish uchun 25 milliard soʻmgacha miqdorda ajratiladi. Maqsadli kredit berish shartlari turoperator faoliyatini 1 yildan ortiq amalga oshirish va kamida 15 foiz miqdorda oʻz mablagʻlarini jalb qilish imkoniyati (shu jumladan bino va inshootlar koʻrinishida) hisoblanadi.
Ajratilgan kreditlarning samarali va maqsadli foydalanilishini ta'minlash uchun turoperatorlar quyidagilarni koʻpaytirish boʻyicha majburiyat oladi:
- xizmat koʻrsatilayotgan xorijiy sayyohlar sonini kamida 25 foizga;
- turistik xizmatlardan olinadigan daromadlarni kamida 25 foizga.
Ajratilgan kreditlarni quyidagilarga sarflashga yoʻl qoʻyilmaydi:
- ilgari olingan kreditlar yoki boshqa qarzlarni qaytarishga;
- alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishga;
- ishlab chiqarish (xizmat) maqsadlarida foydalanilmaydigan shaxsiy mulkni (mebel, mobil telefon, maishiy texnika va h.k.) sotib olishga;
- avtotransport vositalarini (qiymati kredit summasining 40 foizgacha boʻlgan, 8 va undan ortiq kishi sigʻadigan engil avtomobillarni sotib olish bundan mustasno) sotib olishga;
- ma'muriy xarajatlarni, shu jumladan xizmat avtomobillarini toʻxtash joyiga qoʻyishni qoplashga;
- bino va inshootlarni sotib olish va qurishga.
Hujjat 2024 yil 30 sentyabrdan kuchga kirgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar