
Foto: Toshkent shahar IIBB
Toshkent shahri Sergeli tumanida xatti-harakatlari bilan ichki ishlar organlari xodimlarida shubha uygʻotgan ikki shaxs toʻxtatildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 2004 yilda tugʻilgan B. va uning tanishi, voyaga etmagan 2008 yilda tugʻilgan A. xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv natijasida birining yonidan 5 dona, ikkinchisining yonidan 10 dona tsellofan paketchalarga oʻralgan oʻtkir hidli moddalar topildi.
Suhbat jarayonida ular xuddi shunday 5 dona paketchalarni “buyurtma” boʻyicha joylashtirganligini ma'lum qilgan va manzilni koʻrsatib bergan. Shuningdek, ular tanishi S.ning ham uyida shunday moddalar borligini ma'lum qilgan. S.ning xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, 10 dona giyohvandlik moddalari solingan paketchalar topilgan.
Shuningdek, Mirzo Ulugʻbek tumanida yana bir giyohvandlik moddasini tarqatuvchi shaxs ushlandi. 2005 yilda tugʻilgan A. oʻzini shubhali tutgani sababli toʻxtatilib tekshirilganda, uning yonidan 19 dona qadoqlangan polietilen paketlarga solinib, izolenta bilan oʻralgan qizgʻish-jigarrang, oʻtkir hidli ashyolar topilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB
Shu erning oʻzida u koʻchaning xilvat joyiga joylashtirgan 1 dona xuddi shunday modda yashirilgan manzilni koʻrsatib bergan.
Barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar