16:57 / 29.09.2016
8 452

Tibbiyot tashkilotlari tuzilmasi optimallashtiriladi

Tibbiyot tashkilotlari tuzilmasi optimallashtiriladi

O‘zbekistonda tibbiyot tashkilotlari tuzilmasi optimallashtirilib, tibbiy xizmatlar tariflarini shakllantirish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 10 sentyabr kuni 2016−2020 yillarda tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini yanada optimallashtirish va sog‘liqni saqlash tizimi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi.

Hujjatda ayrim tibbiyot tashkilotlarini tuman (shahar) tibbiyot birlashmalariga va mintaqaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga qo‘shish (30 ta muassasaga taalluqli), ularga tegishli funksiyalarni va shtatdagi xodimlar sonini berish, qayta tashkil etish va tugatish yo‘li bilan ayrim tibbiyot tashkilotlarini optimallashtirish, sil kasalliklariga qarshi muassasalar binolarini rekonstruksiya qilish tugallanishiga ko‘ra ularning koykalar fondini qisqartirish (6592 tadan 1450 taga), ayrim tibbiyot tashkilotlarida to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondi ulushini va bemorlarni qabul qilish quvvatlarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Yaqin muddatlarda tibbiyot tashkilotlarining yangilangan shtat normativlari tasdiqlanadi. Ularda markaziy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli poliklinikalari, «tez tibbiy yordam» xizmatlari, qon quyish bo‘limlari, shuningdek davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi normalarini, ularning zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanganligi darajasi bilan bog‘lab, diagnostika, davolash va laboratoriya tadqiqotlarining ilg‘or texnologiyalari va metodlari joriy etilishini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, shifokor nazoratini kecha-kunduz davomida tashkil etish hisobiga, xizmat ko‘rsatiladigan kontingent xususiyatidan kelib chiqqan holda, mazkur tashkilotlar uchun qo‘shimcha ravishda 246 nafar vrach hamda 149 nafar o‘rta va kichik tibbiyot xodimi lavozimlari ajratib, tibbiy-ijtimoiy muassasalar tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy yordam kuchaytiriladi.

1 dekabrga qadar 2000 aholi hisobiga 1,5 lavozim birligi shtat normatividan kelib chiqqan holda qishloq vrachlik punktlarini va oilaviy poliklinikalarni patronaj hamshiralar bilan qo‘shimcha ravishda to‘ldiriladi.

Tibbiyot tashkilotlari tuzilmasini optimallashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar tibbiy-ijtimoiy muassasalarda qo‘shimcha xodimlar sonini joriy etish bo‘yicha xarajatlarni qoplash, tibbiyot tashkilotlarining dori-darmon preparatlari va reaktivlar, inventarlar, sarflash materiallari va uskunalarga ehtiyot qismlar bilan ta’minlanganligini yaxshilash, takomillashtirilgan tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlarini, shuningdek alohida mehnat sharoitlari uchun qo‘shimcha haq va tarif stavkalariga (lavozim maoshlariga) har oylik maxsus ustamalar miqdorlarini oshirish hisobiga tibbiyot tashkilotlari xodimlarining ayrim toifalari ish haqini oshirishga yo‘naltiriladi.

Qo‘shimcha ravishda hozirda amalda bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat tariflarini shakllantirish tartiblarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus, Jizzax, Qarshi, Namangan shaharlaridagi filiallari hamda hududiy perinatal markazlarini qayta tashkil etish yo‘li bilan onalar va yangi tug‘ilgan go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat samaradorligi va sifatini oshirish belgilangan.

O‘zbekistonning barcha hududlaridagi bolalar stomatologiya poliklinikalari hamda xizmat ko‘rsatilayotgan aholi soni 30 ming fuqarodan ziyodni tashkil etuvchi shahalarda yangi oilaviy poliklinikalarni tuzish yo‘li bilan oilalarga va bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Salomatlik va tibbiyot statistikasi instituti bazasida sog‘liqni saqlash tashkilotlari tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmatlar samaradorligi va sifatini oshirish, aholi salomatligi holati monitoringi va tahlilini yuritish, tibbiyot sohasini rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilish masalalarini o‘rganish bo‘yicha zamonaviy ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Manba:"gazeta.uz"

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tibbiyot tashkilotlari tuzilmasi optimallashtiriladi