
Botir Alimbekov (chapda) va Erkin Muhiddinov (oʻngda)
Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida yigʻilish oʻtkazdi. Yigʻilishda aytilishicha, Toshkent viloyatida qishloq erlari Andijondan 1,5 karra koʻp. Lekin, etishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan oʻrtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Fargʻonadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.
Soʻnggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar er dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yoʻgʻi 72 mln dollarlik meva-sabzavot eksport boʻldi. Bu – oʻtgan yilgidan kam.
Viloyatdagi samarasiz 2 200 gektar bogʻ va tokzor hisobiga yiliga 10 mln dollar eksport yoʻqotilyapti. Suv tejovchi texnologiya boʻyicha Toshkent viloyati eng oxirgi oʻrinlarda.
Bu borada viloyat hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha birinchi oʻrinbosari Botir Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.
Prezident yaqinda bogʻdorchilik boʻyicha yangi tizim joriy qilinganini ta'kidlab, Ohangaron va Boʻstonliqda 1 ming gektardan adir va togʻ oldi erlarida malina va golubika plantatsiyasini, Parkentda 2 ming gektar va Ohangaronda 1 ming gektarda uzum va gilos bogʻlarini tashkil qilish imkoniyatlarini koʻrsatib oʻtdi. Bu orqali 5 ming aholini, ayniqsa kambagʻal oilalardan boʻlganlarni daromadli qilish mumkin.
Mutasaddilarga bir yilda 2,2 ming gektar bogʻ va tokzorni yangilash, Angrenda anor sharbatini ishlab chiqarishni boshlash, Ohangaron tumanida olxoʻrini qayta ishlash quvvatini yaratish topshirildi.
Umuman, viloyatni bogʻdorchilik boʻyicha namunali hududga aylantirib, eksportni 300 mln dollarga etkazish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish rejalari koʻrib chiqildi. Prezident viloyatda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisob-kitoblarni ma'qullamadi.
“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambagʻal oila qolishini oʻzi uyat”, – dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga toʻgʻri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.
Viloyatdagi 12 ming vakant oʻrinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, koʻcha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish oʻrniga, ularga har yili 4 mlrd soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlanmoqda.
Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhiddinov lavozimidan ozod etildi.
Ma'lumot uchun, Botir Alimbekov lavozimga shu yil yanvarida, Erkin Muhiddinov esa may oyida tayinlangan edi. Alimbekov bungacha Chinoz tumani hokimi boʻlgan, undan avval ham viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Erkin Muhiddinov tayinlovdan oldin Ohangaron tumani hokimi edi; u muqaddam kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari lavozimida ham ishlagan.
Toshkent viloyati hokimi Birinchi o‘rinbosarlari Lavozimidan ozod etildi Botir Alimbekov Erkin Muhiddinov Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar