15:58 / 23.11.2024
14

Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni poytaxtning Yangihayot tumanida barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi.

Mamlakatda sanoat va tadbirkorlik rivojlangani sari qo‘shimcha sharoitlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Davlat rahbarining shu yil 20 martdagi qarori bilan tashkil etilgan mazkur sanoat zonasi yana ko‘plab korxonalarga joy bo‘ladi.

Hudud iqtisodiyotida katta o‘ringa ega bo‘lishi kutilayotgan majmua maydoni 764 gektar. Ayni paytda infratuzilma tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi yo‘nalishlarda 1 milliard 375 million dollarlik 47 ta loyiha joylashtiriladi. Ularda 12 mingtaga yaqin yangi ish o‘rini yaratiladi.

Prezident ta’kidlaganidek, korxonalarda xalqaro brendlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, DP World, JAC Motors, Krantas, Aces Japan, East can solutions, EAS va Evyap kabi nufuzli kompaniyalar hamkorligida qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Davlat rahbariga shunday loyihalardan ayrimlari taqdimot qilindi.

Xususan, Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan sanoat zonasini boshqarish, investorlarni jalb qilish va infratuzilma obyektlarini barpo qilish ko‘zda tutilgan. JAC Motors kompaniyasi tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. 135 million dollarlik bu loyiha natijasida 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yaponiyaning Aces Japan kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 million dollarlik ofis uchun o‘rindiq va mebellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, yana 100 kishining bandligi ta’minlanadi.

Birlashgan Arab Amirligining DP World kompaniyasi bilan esa transport-logistika markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Hududda laboratoriya, tadqiqotlar markazi, konferensiya zallari hamda savdo zonasi tashkil etiladi. Shuningdek, dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, sanoat korxonalari uchun kerakli mutaxassislar shu yerning o‘zida tayyorlanadi.

- Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulotimiz ikki barobar o‘sib, bu yil 110 milliard dollarga yetyapti. Endi buni 200 milliard dollarga yetkazishga marra oldik. Investorlarning loyihalari uchun barcha sharoitlarni yaratib bermasak, bu ko‘rsatkichga yetolmaymiz. Toshkent shahri bunda ham namuna bo‘lishi kerak, - dedi prezident.

Mutasaddilarga loyihalarda mahalliylashtirish va raqamlashtirish, energiya tejamkorlikka ahamiyat qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi