20:04 / 19.12.2024
26

Buxorolik 17 yoshli “virtual valyutachi” faoliyatiga chek qo‘yildi

Buxorolik 17 yoshli “virtual valyutachi” faoliyatiga chek qo‘yildi
Ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik 17 yoshli o‘smir katta miqdordagi kriptovalyutani go‘yoki o‘zi ishlab topgani uchun javobgarlikka tortilgani to‘g‘risidagi xabar muhokama qilinyapti. IIV matbuot xizmati bola aslida virtual “valyutchik”lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelganini ma’lum qildi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning bildirishicha, bugun Telegram'dagi yopiq (anonim) kanallar, guruhlarda kriptovalyutani sotishga, sotib olishga chaqiradigan resurslar ko‘paygan. Ushbu kanallarda “sotuvchi” va “xaridor”lar o‘zaro tanishadi va elektron pullarini kriptovalyutaga yoki kriptovalyutani pulga aylantirib bergan holda virtual “valyutchik”lik bilan shug‘ullanadi.

Shu ko‘rsatgan xizmatlari uchun ular o‘tkazib bergan pullari miqdorining 0,1-2 foizi miqdorida vositachilik haqi olishadi (o‘tkazib bergan pulining anonimligi qancha yuqori bo‘lsa, olib qolinadigan foiz to‘lovi ham shunga mos bo‘ladi).

Uning qayd etishicha, buning uchun virtual “valyutchik”lar bitta kriptovalyutani boshqasiga almashtirish yoki uni pulga (dollar, yevro, rubl va b.) aylantirish imkonini beruvchi “Binans” kabi maxsus platformalardan foydalanadi. Maxsus platformalar sodda va qulay yaratilgan bo‘lib, ulardan axborot texnologiyalari, hatto kriptovalyuta sohasida chuqur bilimga ega bo‘lmagan kishilar ham bemalol foydalana oladi.

Bugunga kelib esa yirik firibgarlar, narkotik, qurol, odam savdosi, bolalar pornografiyasiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruhlar hisob-kitoblarni asosan anonim kriptoaktivlar orqali amalga oshirmoqda. Shuningdek, terrorchi guruhlar o‘zlarini moliyalashtirish uchun kriptovalyuta orqali mablag‘ yig‘moqda. Buning sababi shundaki, uning yordamidan foydalanib pul mablag‘larini qisqa vaqt ichida dunyoning istalgan nuqtasiga anonim tarzda o‘tkazish mumkin.

"Xususan, yuqorida tilga olingan jinoyat ishida gumonlanayotgan 17 yoshli Z.M. 7 oy davomida “Binans” platformasida 4 mingdan ortiq 34 milliard so‘mlik shubhali vositachilik (virtual “valyutchik”lik) operatsiyalarini amalga oshirgan hamda vositachilik haqi undirib kelgan. Bu holatda ayonki, 34 mlrd so‘m ishlab topilgan “iqtidorli” yigitning daromadi emas, balki tizimdan o‘tkazilgan boshqa bir insonlarning puli summasidir", deydi Shohrux G‘iyosov.

Mazkur operatsiyalar tahlil qilinganda Z.M. aylantirgan mablag‘larning aksariyat qismi pensiya, oylik, onlayn kredit kartalaridan kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi, ya’ni ushbu mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan pullarni legalizatsiya qilishga va ularni izini yo‘qotishga qaratilgan harakat ekanligi gumon qilinmoqda.

IIV axborot xizmati rahbari bunga javobni tergov va sud organlari berishini, aybsizlik prezumpsiyasiga ham to‘liq amal qilinishini qo‘shimcha qildi va ayrim tarmoq foydalanuvchilaridan jinoyat ishining xolis tergov qilinishiga xalaqit qiluvchi chiqishlar qilmaslikni so‘radi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxorolik 17 yoshli “virtual valyutachi” faoliyatiga chek qo‘yildi