16:00 / 13.01.2025
45

“Humo” toʻlov tizimini kim sotib oldi?

“Humo” toʻlov tizimini kim sotib oldi?
Avval ma'lum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (keyingi oʻrinlarda - Jamiyat) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aktsiyalar paketini sotish boʻyicha boshlangan ochiq savdo jarayonlarining Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida 6 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan.

Ushbu bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimni (NDA) imzolagan talabgorlarga xususiylashtirish boʻyicha konsultant “Deloitte” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda - Konsultant) tayyorlagan Jamiyatning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (duye diligence) hisobotlari bilan tanishish, shuningdek, Jamiyatning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, talabgorlarga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2024-yil 30-sentyabrdagi e'loniga muvofiq, “Savdoning asosiy shartlari toʻgʻrisida” (Term sheyet)gi Bitim taqdim etildi.

Belgilangan muddatlarda Konsultantga Jamiyatni sotib olish boʻyicha 3 nafar talabgorlardan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) kelib tushdi hamda 65 mln AQSh dollari miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan “Paynet” AJ savdo gʻolibi deb topildi.

Ta'kidlash joizki, mazkur taklif Konsultant tomonidan hisoblangan Jamiyatni sotish mumkin boʻlgan indikativ narxlar oraligʻida joylashgan hamda xalqaro mustaqil baholovchi “KPMG” tomonidan baholangan qiymatidan yuqori.

Talabgor kelgusida Jamiyatga tegishli “Humo” toʻlov tizimini barqaror va uzluksiz ishlashini ta'minlashga qaratilgan qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni, shuningdek, tizim foydalanuvchilarining konfidentsial (shaxsiy va bank) ma'lumotlarini himoya qilishni zimmasiga olgan.

Jamiyatni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma'qullangan.

Ma'lumot uchun: “Paynet” AJ – Oʻzbekiston moliyaviy texnologiyalar sohasida 18 yildan buyon faoliyat yuritayotgan eng yirik toʻlov operatorlaridan biridir. Mazkur toʻlov tizimi orqali 1 500 dan ziyod mahsulot etkazib beruvchi va xizmat koʻrsatuvchilarga toʻlash imkoniyati yaratilgan hamda yiliga 20 mln.dan ziyod foydalanuvchilar ushbu xizmatlardan foydalanib kelmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat