Toshkent shahridagi 1-son bolalar klinik shifoxonasiga olib kelingan chaqaloqning qoʻli kesildi. Sogʻliqni saqlash vazirlik operatsiya uning ota-onasi roziligi bilan amalga oshirilganini ma'lum qildi.
Aniqlanishicha, 2024 yil 9 dekabr kuni soat 15:30 lar atrofida Shayxontohur tumanida yashovchi 2024 yilda tugʻilgan qizaloq H.J. ota-onasi tomonidan Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasiga tana haroratining koʻtarilishi, yoʻtal, xirillash, hansirash, bezovtalik va holsizlik kabi shikoyatlar bilan olib kelingan.
Bemor zudlik bilan navbatchi shifokor N.Sultanova tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Dastlabki tekshiruv davomida unga «shifoxonadan tashqari pnevmoniya» tashxisi qoʻyilgan. Bemorning ahvoli shifokorlar tomonidan ogʻir deya baholanib, darhol muassasaning chaqaloqlar va chala tugʻilgan chaqaloqlar patologiyasi boʻlimiga gospitalizatsiya qilingan.
Shuningdek, boʻlimda gematolog, angioxirurg, bolalar jarrohi, neonatal-jarroh kabi tor soha mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan qoʻshimcha va klinik tibbiy tekshiruvlar natijasida bemorga «asosiy: sepsis. septitsemiya. Covid-19 etiologiyali shifoxonadan tashqari pnevmoniya» asosiy tashxisi hamda «tugʻma yurak nuqsoni-boʻlmachalararo toʻsiq nuqsoni» kasalligi va uning asorati boʻlgan «nafas yetishmovchiligi 1−2-daraja, yurak-qon tomir yetishmovchiligi 1−2-a darajasi» tashxisi qoʻyilgan.
Muassasada davolanish vaqtida qizaloqda «chap tomonlama elka arteriyasi tromboemboliyasi, chap qoʻl va chap qoʻl panjasida qon aylanishining 3-a darajali oʻtkir buzilishi, poliorgan yetishmovchiligi» kuzatilgan. Shu bois bemor hayotini saqlab qolish maqsadida amputatsiya oʻtkazishga qaror qilingan va ota-onasining roziligi bilan unda jarrohlik aralashuvi amalga oshirilgan.
Hozirda chaqaloqning ahvoli stabil holatda. Ayni paytda mazkur holat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan toʻliq nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda. Yakuniy xulosalar boʻyicha jamoatchilikka qoʻshimcha ma'lumot beriladi, deyiladi vazirlik axborotida. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar