08:11 / 14.02.2025
301

Oʻzbekistonda pensiyani arizasiz — avtomatik tarzda tayinlash tizimiga oʻtiladi

Oʻzbekistonda pensiyani arizasiz — avtomatik tarzda tayinlash tizimiga oʻtiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 13 fevraldagi yigʻilishida «Proaktiv pensiya tayinlash tizimiga oʻtish toʻgʻrisida»gi qonunni birinchi oʻqishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu qonun loyihasi bilan «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti toʻgʻrisida»gi qonunga pensiya olish yoshiga toʻlgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Hozirda fuqarolar pensiya olish uchun ariza berishi va toʻlovlarga boʻlgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Endilikda bu jarayon tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida axborot almashinuvi doirasida avtomatlashtiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Gulnora Rahimova mazkur oʻzgarishlar tufayli yiliga oʻrtacha 250 ming nafar fuqaroning Pensiya jamgʻarmasi va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishiga toʻgʻri kelmasligi, bu esa vaqt va mablagʻni tejash imkonini berishi haqida ma'lum qildi.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, prezidentning 2023 yil 31 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 martdan pensiya tayinlashning proaktiv shaklini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 martgacha fuqarolarga pensiya tayinlanishi yoki pensiya miqdoriga ta'sir qiluvchi qoʻshimcha hujjatlarni taqdim etish yuzasidan fuqaroning mobil aloqa vositasiga SMS-xabar yuborish tartibi joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat