
Telegram ijtimoiy tarmogʻida «Alisher Usmonov aktsiyasi» nomli 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni «Aktsiyada 20 million soʻm mukofotiga ega boʻldingiz» kabi soʻzlar bilan aldab, pul mablagʻlarini oʻzlashtirayotgan 7 nafar shaxs qoʻlga olindi.
Toshkent viloyati IIBB bergan rasmiy ma'lumotga koʻra, Ohangaron shahrida yashovchi 25 yoshli (Sh.B.) oʻz xonadonida Fargʻona viloyatida yashovchi 18-25 yosh orasidagi 6 nafar shaxslarni jalb qilgan holda Telegram orqali «Alisher Usmonov aktsiyasi» nomi bilan 200 dan ortiq guruh ochib, faoliyat yuritgan.
Guruhda fuqarolarga yutuq chiqqanligi haqida yolgʻon ma'lumotlar yuborilib, yutuqni olish uchun badal puli talab qilingan va turli miqdordagi pul mablagʻlarini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib oʻzlashtirganliklari aniqlangan.
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, ushbu guruhning har bir a'zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yigʻish bilan shugʻullangan.
Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan boʻlsa boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shugʻullangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar