21:50 / 19.02.2025
384

TIV sobiq rahbarining oʻgʻli yana bir yirik kompaniyani sotib oldi

TIV sobiq rahbarining oʻgʻli yana bir yirik kompaniyani sotib oldi
Bir muddat avval Oʻzbekistondagi eng nomdor qurilish kompaniyalaridan «Trest-12» AJ Davaktiv tomonidan xususiylashtirish nomi ostida sotuvga qoʻyilgan edi.

Agentlikning ma'lum qilishcha, kompaniyani «sotib olish boʻyicha qiziqish bildirgan 4 nafar xorijiy va mahalliy investorlardan arizalar qabul qilingan».

Biroq belgilangan muddatlarda Konsultant («Deloitte» konsalting kompaniyasi)ga kompaniyani sotib olish boʻyicha 2 nafar talabgordan taklif kelib tushgan va 111 mlrd soʻm miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Delta Global Dynamics» MChJ savdo gʻolibi deb topildi.

Shu tariqa «Delta Global Dynamics» MChJ «Trest-12» AJ ustav kapitalidagi 51,12 foiz davlat ulushiga egalik huquqini sotib olgan.

Gʻolib xaridorga 2 yil mobaynida kompaniyada mavjud ish oʻrinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan boʻshaydigan ish oʻrinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik kabi shartlar qoʻyilgan.

Eslatib oʻtamiz, «Delta Global Dynamics» MChJ 100 foizlik ulush bilan Oʻzbekiston TIVning sobiq rahbari Abdulaziz Kamilovning oʻgʻli – Komilov Doniyor Abdulazizovichga tegishli hisoblanadi.

Avvalroq, uning «PETROLEUM TECHNOLOGY GROUP» krmpaniyasi «UNG Petro» MChJning 100 foiz ulushini sotib olgani haqida xabar berilgan edi.

Bundan tashqari, 2021 yilda kichik Komilovga tegishli «METROPOL GROUP» MChJ Toshkent shahridagi Sayilgoh koʻchasida joylashgan sobiq MXXning «Markaziy bino»sini 210 milliard soʻmga sotib olgan.

Ma'lumot uchun, «Trest-12» AJ Oʻzbekistondagi eng nomdor qurilish kompaniyalaridan biri boʻlib, 1979 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Kompaniya katta qurilish loyihalarini mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlgan texnikalar parkiga ega.

Trest bir necha oʻnlab muhim ob'ektlar qurilishlarini amalga oshirgan, ular orasida jamoat binolari (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar binolari, Milliy kutubxona, Minor masjidi va boshqalar), sanoat ob'ektlari (shu jumladan GM Powerstation zavodi), Hyatt Regency mehmonxona majmuasi, Westminster universiteti va boshqalar bor. Hozirgi vaqtda Trest 2021 va 2022-yillarga moʻljallangan katta qurilish ishlari buyurtmalariga ega, Xalqaro Islom markazi, Jizzax EIZda avtomobil yigʻish zavodi, Toshkent shahridagi qator turar joy majmualari, Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi qurilishi va boshqalar shular jumlasiga kiradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat