
Ijtimoiy tarmoqlarda 22 yoshli aktrisa Sabrina Jabborova Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” klipi suratga olish jarayonida avtomobil urib ketishi oqibatida nogironga aylangani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat internet foydalanuvchilarining keng muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Aslida voqea qanday yuz bergan edi? “Daryo” klipni suratga olgan ijodiy guruh bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi.
Voqea aslida qanday bo‘lgandi?
Baxtsiz hodisa 2024 yilning 7 noyabr kuni ro‘y bergan. Klipda suratga tushayotgan voyaga yetmagan qiz Sevinch Ma’rufovna “Gelendvagen” rusumli avtomobilni boshqarib, boshqa bir aktrisa – Sabrina Jabborovani bosib ketgan. Oqibatda nogiron bo‘lib qolgan Sabrina oyoqqa turishiga yordam so‘raganida, faqat quruq va’dalar va tahdidlarni olganini yozib, jamoatchilikka murojaat qildi.

Foto: Videodan skrinshot
“9 soatlik operatsiya va 7 sm qisqargan oyoq”
Sabrinaning so‘zlariga ko‘ra, Mercedes-Benz G-klass (“Gelendvagen”) boshqaruvida voyaga yetmagan boshqa aktrisa S.M. bo‘lgan. U ham klipda suratga tushgan.
— Voyaga yetmagan aktrisa operator va rejissyor Shuhrat Mavlonovning ko‘rsatmasi bilan gaz pedalini bosgan, biroq o‘sha paytda mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Mashinaning g‘ildiraklari Sabrina ustidan ikki marta o‘tib ketdi: oldingi g‘ildiragi butunlay uning ustidan o‘tgan, orqa g‘ildiragi esa qizning ustida aylanib ketgan. Voqea natijasida Sabrinaning tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgan”, deyiladi Jabborovaning Instagramdagi sahifasida qoldirilgan ma’lumotda.

Foto: Instagram / @cosmos.sj
Jabrlanuvchi akrtisa va model Sabrina Jabborova
Jabrlanuvchiga birinchi yordam vaqtida ko‘rsatilmagani natijasida ko‘p qon yo‘qotgan. Keyin uni 4-sonli kasalxonaga olib borishgan, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingan. Biroq jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani natijasida, uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogironga aylandi.
Ayni vaqtda, shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni to‘g‘rilash kerakligi, bunday operatsiyalar juda kamdan kam holatlarda muvaffaqiyatli o‘tishini aytgan.

Foto: Instagram / @cosmos.sj
Jabrlanuvchi akrtisa va model Sabrina Jabborova
Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi uchun jarima sifatida 500 dollar to‘lab turgan.
“Jabrlanuvchining onasi Sabrinaning oyoqqa turishiga yordam so‘raganida, u faqat quruq va’dalar va tahdidlarni olgan. Unga voqea bo‘yicha materiallar internetda tarqatilsa, jabrlanuvchiga yordam butunlay to‘xtatilishi aytilgan”, deyiladi murojaatda.
“Men rejissyor bo‘lmaganman, tuhmat qilishyapti”
Ijtimoiy tarmoqlarda klip rejissyori deya tilga olinayotgan Shuhrat Mavlonov bilan bog‘landik. U bu gaplardan qattiq ranjigani, chunki qizni mashinaga o‘tirishga u buyruq bermagani haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @mavlonovproduction_official
— Aslida bu qiz massovka (Sabrina Jabborovani nazarda tutdi) bo‘lib kelgan. Uni ko‘rganim yo‘q, chunki man ham syomkaga rejissyor emas, shunchaki operator sifatida chaqirilganman. Uni (Sevinch Ma’rufovna) mashinaga o‘tqazgan Ahad Qayum bo‘ladi. Mening vazifam “motor, stop va olindi” deyish. Bu narsalarni kimdir uyushtiryapti. Eshitishimga qaraganda, maqsad boshqa uy mashina olib berish haqida gaplar bo‘lgan emish. Men klipda rejissyor bo‘lmaganman, operatorman. Menga nisbatan tuhmat bo‘lyapti. Hali hammasi qonun oldida javob beradi, dedi Shuhrat Mavlonov.
Rejissyor: “Baxtsiz voqeaga guvoh bo‘lmaganman”
Shou-biznes vakillari orasida yaxshigina mashhurlikka erishgan “Rajabov” studiyasi rahbari Doniyor Rajabov bilan ham bog‘landik.

Foto: Instagram /@doniyor_radjabovofficial
— Klip syomkasi uch kunga belgilangandi. Ikki kunlik suratga olish ishlarining boshida o‘zim bo‘ldim, ammo uchinchi kun aynan baxtsiz voqea sodir etilgan vaqtda borolmadim. Chunki o‘sha kuni to‘yga borishim kerak edi. Baxtsiz voqeaga guvoh bo‘lmaganman, u qizga ham qiyin, ammo noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilmoqda, deydi Doniyor Rajabov.
Ijtimoiy tarmoqlarda vaziyat bo‘yicha keskin qoralanayotgan Ozoda Nursaidovaning bu boradagi fikrlarini ham bilishga qiziqdik. Ammo u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. So‘ng xonandaning ma’muri Dilmurod Sattorov bilan telefon orqali suhbatlashdik.
— Ozoda Nursaidova klip buyurtmachisi, u suratga olish maydonchasida ishtirok etmagan. Ssenariyda qizning mashina sahnasi yo‘q edi, u shunchaki mashinadan tushib kelishi kerak edi. U nega rulga o‘tirgan va nega ssenariy o‘zgargan menga qorong‘i. Baxtsiz voqea sodir bo‘lganidan keyin u yerga yetib bordim va tez yordam mashinasida uni kasalxonaga olib bordik. Ayrim blogerlar aytganidek, qizga e’tiborsiz bo‘linmagan. Chunki u tibbiyot instituti hududida olingan, tez yordam kelguniga qadar ham qizga yordam ko‘rsatilgan. Keyin 3 litr qon yo‘qotdi, degan gaplar ham yolg‘on. Operatsiyaning yakunlanguniga qadar hammamiz o‘sha yerda bo‘ldik, hatto ruldagi qiz ham ota-onasi bilan o‘sha yerda edi. Ozoda Nursaidova “Yordam beramiz, yosh qiz ekan, oyoqqa turib ketishi kerak”, dedi. Ijodiy guruh ham qarab turgani yo‘q. Sharoiti yo‘q ijara uyda turarkan, karavot, televizor kabi kerakli buyumlarni oldik. Har oy ijara puliga qo‘shib, xarajatlari uchun ham pul yetkazib turibmiz.
Uning tos suyugi singan va u bitib ketishi uchun 3 oy o‘tirmaslik va harakatlanmaslik kerak, deyishgandi. Ammo qizning onasi Surxondaryoga borib kelamiz deb syomkaga ham chiqib kelibdi. Bilishimcha o‘sha yerda yiqilib tushibdi va tos suyagiga o‘rnatilgan temir joyidan siljigan. “Endi oyoq kalta bo‘lib qolgan, qayta operatsiya deyishyapti”, degan onasi.
Men u oila bilan doimiy aloqadaman, ularni hech kim tashlab qo‘ygani yo‘q. Faqat orada kimlardir ularning fikrini o‘zgartirdi. Atrofidagi do‘stlari menga uy sotib olish haqida ishora qilishdi. Mayli hammasi bo‘lar, qayta operatsiya ham o‘tkazilar, avval tergov yakunlanib, sud hukmi o‘qilsin dedim. Boshqa ijodkorlarga ham shunday talablar bo‘lgan.
Shaxsan menda oilaga yordam qilingani haqida dalillar bor, ayrim blogerlar qoralashdan avval biz bilan ham gaplashishsin, deydi Doniyor Sattorov.
Ahad Qayum negadir jim?
Qizlarni suratga olish maydonchasiga shoir va rejissyor sifatida tanilgan Ahad Qayum taklif etgani va aynan voyaga yetmagan aktrisani mashina ruliga o‘tqizishga u buyruq bergani haqida aytishdi. Ammo ko‘plab urinishlarimiz ham samara bermadi, u bilan bog‘lana olmadik.
Haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi, yo‘qotilgan sog‘liq o‘rnini topish ham mushkul. Qizning bir necha oydan buyon to‘shakka mixlangani va bir oyog‘i ikkinchisidan kalta bo‘lib qolgani ham ayni haqiqat. Voqealarni kuzatishda davom etamiz va adolatli yechimni kutamiz. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar