
9 qavatli bino qurilish jarayoni Foto: Kun.uz
Toshkentda bir necha yildan beri hunarmandlar va “Turon meros” MCHJ o‘rtasida bahsli vaziyat davom etib kelayotgandi. Nizoli vaziyat Uchtepa tumanida Hunarmandlar markazi qurilishi bilan bog‘liq.
Gap shundaki, Suzukota majmuasi qurilishi munosabati bilan hunarmandlarga tegishli ustaxonalar buzilgach, 2019 yil 26 maydagi hukumat sayyor yig‘ilishi bayoni bilan Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasida joylashgan 2,7 gektar yer maydonida “Hunarmandlar guzari” markazi qurilishi hamda hunarmandlarning buzilgan mulklariga kompensatsiya sifatida quriladigan binoning birinchi qavatidan 52 nafar hunarmand uchun jami maydoni 12 ming 204 metr kvadrat bo‘lgan xonalar ajratib berilishi belgilangandi.
Biroq Uchtepa tumanida barpo etilishi kerak bo‘lgan 4 qavatli hunarmandlar maskani qurilishi boshlangach, “bir yumalab” ko‘p qavatli turar joyga aylanib qolgan. Ya’ni hujjatlarda ushbu hududda 4 qavatli bino qurilishi va unda hunarmandlar faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, Hunarmandlar markazi uchun ajratilgan joyda investor tomonidan 9 qavatli uy qurila boshlangan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining 2024 yil 25 oktyabrdagi qarori bilan Toshkent shahar qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining “Turon meros” MCHJga nisbatan noqonuniy qurilgan qurilmani buzish haqidagi da’vosi qanoatlantirilgan. Sud hujjatiga ko‘ra, Uchtepa tumani, 178-uy manzilida joylashgan 9 qavatli binoni “Turon meros” MCHJ hisobidan buzib tashlash belgilangan.
Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 5 fevraldagi ajrimi bilan dastlabki sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. Hozirda ish taftish instansiyasida ko‘rib chiqilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar