date
views 91

Toshkent viloyatida zamonaviy golf klubi va mehmonxona majmuasi quriladi

Toshkent viloyatida zamonaviy golf klubi va mehmonxona majmuasi quriladi
Hozirgi kunda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziyada ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi. Delegatsiya tarkibidagi vakillar mamlakatning bir qator yetakchi biznes doiralari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, delegatsiya a’zolari bilan «The Mines Resort and Golf Club» kompaniyasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda Toshkent viloyatida jahon standartlariga mos, ko‘p funksiyali va zamonaviy golf klubi hamda mehmonxona majmuasini qurish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Qayd etilishicha, mazkur yirik va nufuzli loyihani amalga oshirish uchun 100 gektarga yaqin yer maydoni ajratiladi. Shuningdek, ushbu hududni xalqaro me’yorlar asosida jihozlab, hashamatli va zamonaviy kurort zonasiga aylantirish borasida takliflar ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha uchun eng maqbul hududlar sifatida viloyatning Bo‘stonliq, Parkent hamda Ohangaron tumanlari ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasining bugungi kun tartibida yana bir necha muhim uchrashuvlar rejalashtirilgan. Xususan, tabiiy shakarni qayta ishlab, undan past kaloriyali granulalar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan «The Foodbase» kompaniyasi hamda vegeterian protein asosida go‘sht mahsulotlari va tez tayyorlanuvchi taomlar ishlab chiqaruvchi «Righ food company» kompaniya vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkaziladi.

Bu kabi uchrashuvlar natijasida viloyatda zamonaviy va innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha muhim loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur tadbirlar mintaqadagi investitsiya muhitini yaxshilash va turizm sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyadagi ishchi tashrifi hali davom etmoqda va kelgusida ham ko‘plab istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borilishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent viloyatida zamonaviy golf klubi va mehmonxona majmuasi quriladi