
Andijon viloyatida xorijiy davlatga ishga jo‘natishni bahona qilib, fuqarodan katta miqdorda pul talab qilgan navbatdagi firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi xodimlari ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazgan.
Tadbir davomida Andijonlik fuqaro X.M. Paxtaobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.N.ning ishonchiga kirib, uning xorijda ishlab katta daromad topish istagidan foydalangan. U go‘yoki Kanada davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida tanishlari borligini ta’kidlab, ushbu aloqalar orqali O.N.ni qisqa muddat ichida yuqori maoshli ish bilan ta’minlashni va’da qilgan.
Shuningdek, bu “xizmat” uchun u 3 ming AQSH dollari talab qilgan. O.N. esa bunga ishonib, talab qilingan pulni firibgarga topshirgan paytda, tezkor tadbir ishtirokchilari uni qo‘lga olishgan. Xodimlar fuqaro X.M.ni pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan birga ushlagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar aholiga murojaat qilib, shunday holatlarga duch kelganda ehtiyotkorlik bilan ish tutishga, ishonchsiz takliflarga aldanmaslikka chaqirmoqda. Xorijga ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolarga esa, faqat qonuniy va ishonchli tashkilotlar orqali harakat qilish tavsiya etilmoqda.
Shuningdek, shubhali holatlar kuzatilganda zudlik bilan tegishli organlarga murojaat qilish lozimligi eslatib o‘tildi.
Andijon ViloyatiFiribgarlikXorijga Ishga Jo‘natishTezkor TadbirO‘zbekiston RespublikasiIshonchsiz Takliflar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar