date
views 75

Yunusobodda giyohvandlik reklamasi tarqatgan ikki shaxs 15 sutkaga qamaldi

Yunusobodda giyohvandlik reklamasi tarqatgan ikki shaxs 15 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ikki nafar fuqaro noqonuniy ravishda giyohvandlik vositalari reklamasini tarqatib yurganligi aniqlanib, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanadigan Telegram kanalni targ‘ib qiluvchi reklama varaqalarini va bannerlarni shaharning turli joylaridagi ustunlar hamda devorlarga yopishtirib yurishgan. Ular reklama materiallarini ko‘zga ko‘rinadigan va odamlar ko‘p yuradigan joylarga joylashtirib, keng omma e’tiborini jalb qilishga uringan.

Tezkor surishtiruv ishlari natijasida, mazkur reklamalarni chop etgan shaxs ham aniqlanib, u bilan surishtiruv ishlari olib borildi.

«Meni Telegram orqali aloqaga chiqib, "Rossiyada ish" degan yozuvli banner borligini aytishdi va uning narxini so‘rashdi. Keyinchalik ular mendan manzilimni so‘rab, ikki kishini mendan bu bannerlarni olib ketishi uchun yuborishdi», – deya tushuntirish berdi reklama materiallarini chop etgan shaxs.

Huquqbuzarlik holati bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56-2-moddasi asosida tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarning qilmishi Yunusobod tuman sudida ko‘rib chiqildi va ularga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Poytaxt huquqni muhofaza qilish organlari aholiga murojaat qilib, bunday noqonuniy harakatlar oqibatlariga nisbatan sergak bo‘lishga chaqirdi va giyohvandlik moddalarining tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ta’kidladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yunusobodda giyohvandlik reklamasi tarqatgan ikki shaxs 15 sutkaga qamaldi