
Uni atrofidagilar yillar davomida Akromjon deb keldi. Hatto turmush o‘rtog‘i ham haqiqatdan bexabar edi: bir yostiqqa bosh qo‘yib yurgan umr yo‘ldoshi aslida turmadan qochib ketgan, O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan, terrorizmda ayblanyotgan jinoyatchi ekanligini bilmasdi. Maqolada 15 yil qochqinlikda yashagan, oxiri vatan sog‘inchi tufayli O‘zbekistonga qaytib kelgan ana shu mahbus haqida hikoya qilamiz.
Gollivudning qamoqdan qochish haqidagi kinolari juda ko‘p. Ularda mahbus biror usulda, masalan, tunnel qazib yoki kanalizatsiya orqali qamoqxonadan qochib ketadi. Bizning “qahramonimiz” esa 2005 yil 13 may kuni Andijonda bo‘lgan voqealardagi holatdan foydalangan va turmadan qochib ketgan.
Seriali jinoyatlar va 20 yil qamoq
1976 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan Hamidbek Yusufjanov bir necha bor sudlangan. U 16 yoshidayoq, ya’ni 1992 yilda jinoyatga qo‘l urib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 1996 yilda esa Nukus harbiy garnizon sudining hukmi bilan yana 3 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq 1996 yil 7 avgustdagi amnistiya aktiga ko‘ra jazodan ozod etilgan. Guliston shahar sudining 1996 yil 17 oktyabrdagi hukmi bilan esa 4 yilga qamalgan.
Hamidbek Yusufjanov ko‘p o‘tmay navbatdagi jinoyatga qo‘l urgan. Uning bu safargi jinoyati ancha jiddiy, ya’ni qotillik bilan bog‘liq edi. U Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudining 2004 yil 31 maydagi hukmi bilan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillik, bosqinchilik, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish jinoyatlarini sodir qilishda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan Hamidbek Yusufjanovga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoning dastlabki 3 yilini turmaga qamash tarzida o‘tattirish belgilangan.
Turmaga bosqin
Hamidbek Yusufjanov 2004 yil 8 oktyabr kuni Andijon shahridagi turmaga, hozirgi Andijon viloyati IIB 3-sonli Tergov hibsxonasiga olib kelinadi. Mahbus shu tariqa o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tay boshlaydi.
Ammo 2005 yil 12 may kuni Hamidbek Yusufjanovning hayoti o‘zgarib ketadi: ayni shu kuni tunda “Akromiylar” diniy ekstremistik oqim a’zolari u saqlanayotgan turmaga bostirib kirishadi. Jinoyatchilar to‘dasi bungacha Andijon viloyati IIB PPX va JTSB ma’muriy binosiga qurolli hujum uyushtirib, u yerdan o‘qotar qurollar hamda harbiy yuk avtomashinasini qo‘lga kiritgandi.
Ekstremistik oqim a’zolari turmada saqlanayotgan sheriklari bilan birga boshqa mahbuslarni ham ozod qilishadi. Ulardan biri Hamidbek Yusufjanov edi.
“Ular hokimiyatni egallashlarini aytishdi. Kameradagi narsalarimni yig‘ishtirib, barcha mahbuslar qatori turmadan chiqdim. Turmadan chiqayotgan vaqtimda bir nechta IIB xodimlari yaralanib yotganini ko‘rdim. Shunda turmaga qurolli hujum uyushtirilganini bildim.
Turmadan chiqqanda terrorchilar yo‘lni to‘sib olishdi. Ular barcha o‘ng tomondagi ko‘cha orqali harakatlanishi, Andijon viloyati hokimiyati tomonga borish kerakligini tushuntirdi”, degan Hamidbek Yusufjanov keyinchalik sudda.
Daraxtzorda o‘tgan 2 kun
Terrorchilar bilan birga borish xavfli ekanini ko‘pchilik, jumladan, Hamidbek Yusufjanov ham bilib turardi. Shu sababli, u Andijon viloyati hokimligi tomonga qarab yurayotgan mahbuslar guruhidan qochishni rejalashtiradi va bir nechta mahbuslar guruhdan ajralib qolishni va qochishni uddalashadi.
Shu tariqa, Hamidbek Yusufjanov terrorchilar to‘dasidan qochib, Qirg‘izistonga o‘tib ketadi: 2005 yil 13-14 may kunlari Qirg‘iziston davlat chegarasi atrofidagi daraxtzorda uxlaydi. 15 may kuni aylanma yo‘llar orqali O‘sh shahriga, 16 may kuni esa O‘zgan shahriga o‘tib ketadi.
“2005 yilning iyun oyiga qadar O‘zgan shahridagi bozorda hammolchilik bilan shug‘ullandim. Ushbu shaharda joylashgan masjidda yashab keldim. Iyun oyida Bishkek shahriga bordim. U yerda fuqarolar bilan janjallashib, tan jarohati yetkazganim sababli 2 oy qamoqxonada o‘tirdim. 2005 yil sentyabr oyida qamoqdan chiqib, noyabrgacha Bishkek shahrida hammolchilik qildim”, degan Hamidbek Yusufjanov.
Akromjonga aylangan Hamidbek
Hamidbek Yusufjanov 2005 yil noyabr oyida aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istonning Olmaota shahriga borgan. Dastlab u yerda kunlik ishlar bilan shug‘ullanib yurgan. Keyinchalik shahardagi restoranlardan birida ishlagan.
U hammaga o‘zini Akramjon deb tanishtirardi. Chunki bu paytda u O‘zbekistonda qidiruvga berilgandi va asl ismini aytsa barchasi oshkor bo‘lib qolishi mumkin edi.
2006 yilning yanvar oyida Hamidbek Yusufjanov Olmaotada oila qurgan. O‘sha yil dekabr oyida esa qiz farzandli bo‘lgan. Bir qarashda uning hayoti iziga tushib ketganday edi. Biroq oradan yillar o‘tib vatan sog‘inchi uni qiynay boshlaydi.
Oradan roppa-rosa 15 yil o‘tganida, ya’ni 2020 yilning may oyiga kelibgina qochoqdagi mahbus “Men Akromjon emasman, Hamidbekman” deya aytadi.
“Yillar o‘tib qilgan ishimdan pushaymon bo‘la boshladim, vatanimni sog‘indim. Oxiri hududiy profilaktika inspektorini chaqirib, unga ismim Akromjon emas, aslida Hamidbek ekanini aytdim. Shundan so‘ng tuman prokuraturasi va IIB xodimlari kelib, barmoq izlarimni olishdi. Ular O‘zbekistonda menga nisbatan qidiruv e’lon qilinganini, terrorizm jinoyatini sodir etganlikda ayblanayotganimni ma’lum qilishdi”, degan o‘z ko‘rsatmasida Hamidbek Yusufjanov.
Shuningdek, u terrorchilik harakatlarida qatnashmaganini, “Akromiylar” a’zolarini tanimasligini, turmadan iloji yo‘qligi uchun chiqib ketganini aytgan. Qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan Hamidbek Yusufjanov suddan o‘ziga yengillik so‘ragan.
Qamoqqa qaytgan mahbus
O‘rganish davomida Hamidbek Yusufjanov haqiqatan ham “Akromiylar” diniy ekstermistik oqimiga a’zo emasligi, Andijon voqealarida ishtirok etmagani tasdiqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudining 2021 yil 21 apreldagi hukmi bilan Hamidbek Yusufjanovga “Andijon voqealari” bilan bog‘liq holatda Jinoyat kodeksining 7 ta moddasi, ya’ni qotillik, jinoiy uyushma tashkil qilish, ommaviy tartibsizliklar, o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash, terrorizm, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, qo‘poruvchilik jinoyatlari bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar isbotini topmagani uchun olib tashlangan.
Hamidbek Yusufjanov qamoqdan qochish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ammo jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani sababli bu javobgarlikdan ham ozod qilingan.
Biroq 15 yillik qochoqlikdan so‘ng Hamidbek Yusufjanovni baribir qamoq jazosi kutib turgandi. Chunki u turmadan qochishdan oldin, ya’ni 2004 yilda tayinlangan 20 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini hali to‘liq o‘tamagandi. Ayni shu sababli u qamoqqa qaytarilgan va hozirgi kunda jazo muddatini o‘tamoqda.
Ruslan Saburov
Sud materiallari asosida tayyorlandi.
Hamidbek YusufjanovAkromjon emasJinoyatchi haqidaQamoqqa qaytganTerrorizmda ayblanganQochqinlikda yashaganO‘zbekiston Respublikasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar