date
views 154

Toshkentda yuz bergan chang bo‘roni paytida nimalar sodir bo‘ldi?

Toshkentda yuz bergan chang bo‘roni paytida nimalar sodir bo‘ldi?
17 may kuni Toshkent shahri va viloyatida kuzatilgan kuchli shamol va chang bo‘roni nafaqat ob-havoni keskin o‘zgartirdi, balki shahar hayotiga ham muayyan darajada ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Toshkentda havoning ifloslanish darajasi jahon shaharlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanepidqo‘mita ogohlantirdi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini imkoni boricha ochiq havoda yurmaslikka chaqirdi. Zarurat tug‘ilganda “103” tez yordam xizmatiga murojaat qilish mumkinligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Sanepidqo‘mita ham fuqarolarni havo toza bo‘lmaguncha ko‘chaga chiqmaslikka, chiqilganda esa tibbiy niqob yoki respirator taqishga chaqirdi.

Shuningdek, xona ichida havoni namlash uchun maxsus uskunalar yoki ho‘l sochiqlardan foydalanish, toza suv iste’molini oshirish tavsiya etildi.

Qator hududlarda shoxlar sinib, elektr ta’minoti uzildi

Chang va shamol oqibatida shaharda bir qator noqulay holatlar qayd etildi. Xususan, daraxtlar qulashi, katta shoxlar sinishi va ko‘chalarning ifloslanishi kuzatildi. Bu holatlarga javoban, shahar va viloyat hududlaridagi favqulodda brigadalar to‘liq tayyor holatga keltirildi.

Elektr ta’minotida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ayrim tarmoqlar vaqtincha qo‘lda o‘chirildi. Natijada Toshkent shahrida 8 500 ta va viloyatda 10 300 ta iste’molchi elektr ta’minotidan vaqtincha uzildi.

Zamin.uz tahririyatidan:
Kuzatilgan tabiiy ofat shahar infratuzilmasi va fuqarolarning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Tabiiy hodisalarga tayyorgarlik va jamoatchilik ogohlantirilishi bunday holatlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Siz bu kungi holatni qanday boshdan kechirdingiz?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda yuz bergan chang bo‘roni paytida nimalar sodir bo‘ldi?