
DXX Call-markaziga murojaat qilgan Toshkent viloyatida yashovchi fuqarodan, viloyat ichki ishlar xodimining o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilgan holda korrupsion jinoyatlarni sodir etib kelayotgani xususida ma’lumotlar olindi.
Murojaatga ko‘ra, IIB xodimi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210, 131, 135, 206, 207, 165-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovda bo‘lgan sobiq ichki ishlar xodimiga sud idoralaridagi tanishlari orqali yengilroq jazo tayinlanishida yordam berish evaziga uning yaqin qarindoshlaridan 20 ming AQSH dollari talab qilgan. Joriy yilning 16 may kuni DXX va IIV tezkor boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan faol tadbir davomida, IIB xodimi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro «A.B.»dan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Yana bir holatda, joriy yilning 17 may kuni DXX tomonidan Bosh prokuratura xuzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti hamda IIV tezkor boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan faol tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani ichki ishlar xodimi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 103 va 112-moddalari bilan ayblanib, 8 yil 5 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan mahkumga jazo muddatini Toshkent shahar sudi mansabdor shaxslari imkoniyati orqali taftish instansiyasida kamaytirib berishni va’da qilib, mahkumning tanishi «N.N.»dan 24 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.
Tadbir jarayonida uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘i nusxasi topildi.
«Ta’kidlash kerakki, ushbu xodim 2014 yilga qadar ichki ishlar idoralarida ishlab, 2022 yildan esa, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Joriy yilning aprel oyida unga yana bir bor imkoniyat berilib, ichki ishlar idoralariga qaytadan tiklangan. Afsuski, ishga tiklanganiga 2 oy bo‘lmagan bu xodim korrupsion harakatlarni takroran sodir etgan», deyiladi DXX matbuot xizmati xabarida.
Har ikki holat yuzasidan taqdim etilgan materiallar asosida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 28, 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: DXX matbuot xizmati
DXXKorrupsiyaJinoyat KodeksiToshkent viloyatiIchki ishlarPora olishTergov jarayoniSud idorasiAdvokatlik faoliyati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar