
Samarqand viloyatida hokim yordamchilari o‘rtasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq jiddiy jinoyatlar aniqlandi. Bu haqda viloyatda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragi davomida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga oid 3300 dan ortiq holat aniqlangan. Bunday holatlarning katta qismi hisobotlarga soxta va qo‘shib yozishlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu kabi qalbakilashtirish orqali davlat budjeti mablag‘laridan 3 milliard so‘mdan ortiq subsidiya, kredit va nafaqa pullari talon-toroj qilingani ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun 80 nafardan ortiq hokim yordamchisi va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ularning 19 nafariga esa jiddiy jinoyatlar sodir etganliklari uchun jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Jinoyatlarning eng ko‘p qismi Samarqand shahri, shuningdek, Urgut, Ishtixon va Oqdaryo tumanlarida sodir etilgani aniqlangan. Afsuski, mahalliy hokimlik idoralari va bandlik organlari tomonidan jinoyat holatlariga o‘z vaqtida xizmat tekshiruvlari o‘tkazilmaganligi vaziyatning yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Bundan tashqari, viloyatdagi bandlik organlari xodimlari ham qonunbuzarliklarga qo‘l urgani aniqlandi. Xususan, «Yagona milliy mehnat tizimi» elektron platformasi orqali ish bilan ta’minlangan yoki o‘zini-o‘zi band qilgan 155 nafar fuqaroga asossiz ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobarigacha subsidiyalar ajratilgan. Bu kabi holatlar asosan Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Narpay, Jomboy, Oqdaryo, Bulung‘ur, Samarqand va Payariq tumanlarida kuzatilgan.
Shuningdek, hokim yordamchilari va bandlik organlarining 12 nafar xodimi, hamda 25 nafar hokim yordamchisi tadbirkorlik subyekti ochib, uni o‘zlari boshqarib kelganligi, bu orqali manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi ham ta’kidlanmoqda.
Hududiy kengash raisi Sh.Negmatov yig‘ilishda ta’kidlaganidek, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor ravishda bartaraf etish, kelgusida korrupsiyaga oid har qanday munosabatlarga to‘liq chek qo‘yish maqsadida mas’ullar oldiga jiddiy vazifalar belgilab berildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun tizimli ravishda ish olib boriladi va bu jarayonlar qat’iy nazoratda bo‘ladi.
Mazkur voqealar keng jamoatchilikning e’tiborini jalb qilishi bilan birga, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash qanchalik jiddiy va murosasiz ekanini yana bir bor namoyon etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar