Qarshida hokim yordamchisi 200 dollar bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida fuqaroga imtiyozli kredit rasmiylashtirib berishni va’da qilib, pul talab qilgan hokim yordamchisi qo‘lga olindi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs o‘z xizmat xonasida pul mablag‘ini qabul qilayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hokim yordamchisi kambag‘allikni qisqartirish dasturi doirasida ajratiladigan 33 million so‘mlik imtiyozli kreditni boshqa mahallada yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
U mazkur xizmat evaziga fuqarodan 200 AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir chog‘ida mansabdor shaxs kelishilgan pulni olayotgan paytda qo‘lga tushgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «v» bandi — firibgarlik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Hodisaning barcha tafsilotlari va unga aloqador boshqa holatlar o‘rganilmoqda.































Izohlar 0
…