date
views 57

Bektemirda sintetik giyohvand modda savdosi fosh etildi

Bektemirda sintetik giyohvand modda savdosi fosh etildi
Yurtimiz bo‘ylab giyohvandlikka qarshi kurash borasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Ayniqsa, "Qora dori 2025" deb nomlangan tezkor profilaktik tadbir doirasida bu boradagi nazorat yanada kuchaytirildi.

Shu kabi tadbirlardan biri Toshkent shahrining Bektemir tumanida amalga oshirildi. Tumandagi Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tezkor qidiruv guruhi xodimlari tomonidan shubhali shaxslar to‘xtatilib, ular xolislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv natijasida ushlangan fuqarolardan biri yonidan og‘riqli hidga ega bo‘lgan, oq rangli kukunsimon modda saqlangan 17 dona izolentaga o‘ralgan kichik o‘ramlar aniqlandi. Ulardan 16 tasi sariq, biri esa ko‘k izolentaga o‘ralgan bo‘lgan.

Bundan tashqari, ushbu shaxsning telefonida giyohvand modda yetkazib beruvchi bilan olib borilgan yozishmalar aniqlangan. Ushbu ma’lumotlar asosida yetkazib beruvchi shaxsning yashash manzilida tintuv o‘tkazildi.

Xonadonda o‘tkazilgan ko‘rikda jami 140 dona oq-qizil kapsula solingan 14 ta kasseta hamda 2 ta shaffof paketga joylashtirilgan og‘riqli hidli kukunsimon moddalar topildi.

Tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, dastlabki gumonlanuvchidan olingan moddalardan ikkitasi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar toifasiga kiradi. Shuningdek, 16 dona o‘ramdagi modda 5,94 gramm sintetik giyohvand modda ekani tasdiqlangan.

Xonadondan topilgan kapsulalar va kukunlar ham kuchli ta’sir etuvchi moddalar, ikkita paketdagi modda esa giyohvandlik vositasi ekani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirda ushbu ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jiddiy nazoratga olingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bektemirda sintetik giyohvand modda savdosi fosh etildi