
Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar a’zosi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX.
Unga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan, Telegram orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar a’zosi qo‘lga olindi.
Ular 400 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga olingan shaxslarning ko‘rsatmasi asosida ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan bo‘lgan “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodo‘kon operatori vazifasini bajaruvchi, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr gashish moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olindi.
Ta’kidlanishicha, narkoguruh a’zolari mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shug‘ullangan.
Hozirda ularning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar