Samarqand shahrida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan 28 yoshli shaxs sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 11-aprel kuni soat 20:00 atrofida 1997-yilda tug‘ilgan haydovchi o‘z boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasida Samarqandning “Nurli yo‘l” mahallasi hududidan o‘tuvchi Rudakiy ko‘chasida harakatlanib ketar ekan, piyodalar o‘tish yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan bir necha odamni urib yuborgan.
Oqibatda ko‘plab piyodalar turli tan jarohatlari olgan va shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlarning barcha harakatlariga qaramay, jabrlanuvchilardan biri hayotdan ko‘z yumgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida o‘tkazilgan ochiq muhokamada haydovchining qilmishi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bo‘yicha baholandi. Sud uni 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan birga, qo‘shimcha ravishda 3-yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!