Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallandi: 28 nafari shifoxonada davolanmoqda

Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallandi: 28 nafari shifoxonada davolanmoqda

Farg‘ona shahridagi uchta maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalar turli kasallik alomatlari bilan shifoxonaga murojaat qildi. Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv va laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2-, 7- va 47-sonli bog‘chalar tarbiyalanuvchilari tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlardan shikoyat qilgan.

2026 yil 26 oktyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, 28 nafar bola Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ularning umumiy ahvoli barqaror bo‘lib, og‘ir ahvoldagi bemorlar qayd etilmagan.

Shuningdek, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan yana 23 nafar bolaning ahvoli qoniqarli deb baholangan. Ularga tegishli tibbiy tavsiyalar berilib, uy sharoitida davolanishga ruxsat etilgan.

Holat yuzasidan o‘tkazilayotgan dastlabki epidemiologik surishtiruv doirasida bolalar bog‘chalarda iste’mol qilgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar o‘rganilmoqda. Jumladan, nonushta, tushlik va kechki tamaddida berilgan mahsulotlar, shuningdek, ularni yetkazib beruvchilar aniqlangan.

Tekshiruv uchun oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlardan bakteriologik tahlil namunalari olingan. Hozirda laboratoriya tekshiruvlari va epidemiologik surishtiruv davom etmoqda.

Bolalarning kasallanishiga nima sabab bo‘lgani hozircha aniqlanmagan. Hodisaning sabablari tekshiruv natijalari asosida ma’lum bo‘ladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar