date
Add

Nomulkiy ijro ishlari doimo e’tiborda

Nomulkiy ijro ishlari doimo e’tiborda
Afsuski, hayotda turli vaziyatlar yuz berishi mumkin. Oilaviy ajralish esa nafaqat ruhiy, balki moddiy tomondan ham qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, kelinlik sarpolarini qaytarib olish ba’zan jiddiy muammoga aylanadi. Biroq qonun himoyasida bunday masalalar hal etiladi.

Yaqinda Majburiy ijro byurosining Sharof Rashidov tuman bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjati kelib tushdi. Unga ko‘ra, fuqaro L.P. foydasiga, ajrashganidan so‘ng, kelin bo‘lib borgan uyidan 35 turdagi shaxsiy mol-mulkni (kelinlik sarpolarini) qaytarib berish belgilangan edi.

Davlat ijrochisi ushbu ijro hujjati asosida ishga kirishdi. Qarzdor bilan muzokaralar olib borilib, zarur ijro harakatlari amalga oshirildi. Xolislar ishtirokida hujjatda ko‘rsatilgan barcha 35 turdagi mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchi — kelinga qaytarib berildi.

MIB xodimlarining tezkor va qonuniy harakatlari natijasida fuqaro o‘z qonuniy mulkini to‘liq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bundan tashqari, uy-joy mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashovchi shaxslar, agar ko‘chirib keltirilgan paytda boshqa hol yozma ravishda qayd etilmagan bo‘lsa, uydagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanish huquqiga ega.

Shuningdek, ular mulkdor tomonidan berilgan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritish huquqiga ham egadirlar. Agar bunday shaxslar uy-joy mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham, turar joydan foydalanish huquqi saqlanadi (O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 32-moddasiga muvofiq).

Shu asosda Jizzax shahridagi uyga fuqaro S.J.ni majburiy tartibda kiritish haqidagi ijro hujjati MIB Jizzax shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushdi.

Davlat ijrochisi mahalla raisi va mas’ul xodimlar bilan hamkorlikda ijro harakatini amalga oshirib, fuqaro S.J.ning ko‘rsatilgan uyga kiritilishi ta’minlandi.

Ta’kidlash joizki, qonunchilikka ko‘ra, ijro harakatlari davrida, davlat ijrochilarining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, shuningdek qarzdor shaxslarning ijro hujjatini ijro etmasligi hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Kodirov Abdullo
MIB bo‘lim boshlig‘i

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nomulkiy ijro ishlari doimo e’tiborda