Toshkent shahridagi advokatlik firmasi vakili pora olayotgan vaqtda qo‘lga tushdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Toshkent viloyatining Piskent tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan ish bo‘yicha yordam berishi mumkinligini va’da qilgan.
Advokat go‘yo ishni sud tizimidagi tanishlari orqali ijobiy hal etib berish va ehtiyot chorasini yengillashtirishni aytgan. Bu xizmat evaziga u 3700 AQSH dollari miqdorida pora olgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ayni damda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 28 va 211-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Denov tumanidagi advokatlik firmasi xodimi fuqarodan noqonuniy ravishda 60 million so‘m olgan paytda ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, u sud tizimidagi tanishlari orqali jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga yengil jazo tayinlanishiga yordam berishni va’da qilgan.
Hozirda mazkur advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov jarayonlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!