Surxondaryo viloyatida paxta terimidan qaytayotgan ayollarni tashiyotgan Labo avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasman ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, hodisa 3-oktyabr kuni soat 19:00 larda Bandixon tumani “Gulbog‘” mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Labo haydovchisi harakatlanib ketayotgan paytda boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan Cobalt rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.
Zarba oqibatida Labo haydovchisi va unda bo‘lgan besh nafar ayol turli darajada tan jarohatlari olgan. Ular shifokorlar yordamida tezda tuman shifoxonasiga yetkazilgan.
Ayrim ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “mashinada 16 nafar ayol bo‘lgan va barchasi jarohat olgan” degan ma’lumot rasmiylar tomonidan rad etildi. YHXBning aniqlashicha, voqea vaqtida Labo avtomashinasida besh nafar terimchi ayol bo‘lgan, ularning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar hodisaning sabab va sharoitlarini aniqlash uchun surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 “Toshkent–O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lida bir nechta transport vositalari ishtirokida yirik YTH sodir bo‘lgan, ushbu fojea natijasida yetti kishi halok bo‘lgani xabar qilingan edi.
Bandixonda sodir bo‘lgan mazkur hodisa yana bir bor yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish zarurligini eslatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!