Bugun, 18 oktyabr kuni tong soat 07:10 atrofida A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi qismida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. “Vodiy–Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Volkswagen rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning xandaq qismiga tushib ketgan.
Hodisa haqidagi xabar “Qamchiq” maxsus-qidiruv yong‘in-qutqaruv boshqarmasiga yetkazilgan. Qutqaruvchilar jamoasi shoshilinch ravishda voqea joyiga yetib borib, maxsus texnika va asbob-uskunalar yordamida haydovchi va transport vositasini xandaqdan chiqarib oldi.
Ta’kidlanishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Qutqaruvchilar ma’lum qilishicha, haydovchi shok holatida bo‘lgan, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Tegishli xizmatlar hozirda hodisa sabablarini o‘rganmoqda. Ilk ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Qamchiq dovonida tuman va namlik sababli ko‘rinish cheklangan bo‘lgani ehtimol qilinmoqda.
Mutaxassislar haydovchilarga dovon orqali harakatlanishda tezlikka yo‘l qo‘ymaslik, xavfsiz masofani saqlash va yo‘lning meteosharoitlariga e’tiborli bo‘lishni tavsiya etmoqda.
Bu gal ham qutqaruvchilarning tezkor harakati fojiani oldini oldi — Volkswagen haydovchisi va uning avtomashinasi omon qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!