
Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabariga ko'ra, Qashqadaryo viloyatining Ko'kdala tumanida suyultirilgan gazni o'g'irlash holati aniqlangan. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo'limi xodimlari va DXX vakillari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbir o'tkazildi.
Tadbir davomida “A.G.S.” MChJ rahbari va uning jinoiy sherigi qo'lga olindi. Aniqlanishicha, ular aholiga va ijtimoiy muassasalarga imtiyozli narxlarda sotilishi kerak bo'lgan suyultirilgan gazni o'g'irlash bilan shug'ullanib kelgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan gaz “KamAZ” yoqilg'i tashuvchi avtomobiliga yuklanayotgan paytda 10 360 kilogramm suyultirilgan gaz o'g'irlangan. Ushbu gazning umumiy qiymati 76,5 million so'mni tashkil qiladi.
Shuningdek, jinoyatchilardan 35 million so'm va 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pul daliliy ashyo sifatida olib qo'yilgan. Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “O'zlashtirish yoki talon-toroj qilish yo'li bilan o'g'irlik” moddasi bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.