
Ko‘l atrofida turizm drayveri va transport aloqasi
Prezident raisligida o‘tkazilgan Jizzax viloyati bo‘yicha yig‘ilishda asosiy e’tibor turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratildi. Aydar-Arnasoy ko‘li atrofida zamonaviy qirg‘oq turizm kompleksi va sog‘lomlashtirish markazi qurilgani Arnasoy tumani aholisining daromadi oshishiga sezilarli rag‘bat bo‘ldi.
Endilikda Arnasoy aeroportida yirik havo kemalarini qabul qilish salohiyatini oshirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, ko‘l hududigacha transport aloqasini yaxshilash maqsadida temir yo‘l olib kelinadi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasiga Do‘stlik tumanidan ko‘lgacha 45 kilometrli yangi temir yo‘l liniyasini bunyod etishga ko‘rsatma berildi. Shuningdek, 7 milliard so‘m hisobiga tumandagi Baxtli mahallasi infratuzilmasi yaxshilanib, uni to‘liq turizm qishlog‘iga aylantirish belgilandi.
Shahar markazining yangilanishi: Sangzor daryosi loyihasi
Jizzax shahri markazidagi «Istiqlol» bog‘i va unga tutash Sangzor daryosi bo‘yidagi yerlar ancha yillar davomida e’tiborsiz qolgan edi. Joriy yil boshida ajratilgan 24 milliard so‘m natijasida bu joylarning qiyofasi butunlay yangilanib, odamlar dam olish va ko‘ngilochar hududga aylantirildi. Kelasi yilda Sangzor daryosini tozalash, suv bilan to‘ldirish, ko‘prik va amfiteatr qurish uchun yana 20 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutildi.
Yo‘l bo‘yi servisi va xavfsizligini oshirish
M-39 va A-376 xalqaro yo‘llarning Jizzax hududidan o‘tgan 150 kilometr qismi yo‘l bo‘yi servisini rivojlantirish uchun katta salohiyat manbai ekani ta’kidlandi. Magistral yo‘l bo‘yida Yevropa standarti bo‘yicha 2 tadan savdo-servis majmuasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, M-39 magistral yo‘lining 98 kilometr qismida transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash uchun sharoitlarni yaxshilash ustuvor vazifa etib belgilandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.