
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish borasida kechiktirilmas choralar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar Yangihayot tumanida, 1977 yilda tug‘ilgan ayol F.M.ning jinoiy faoliyati fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs o‘z uyida Farg‘ona vodiysidan olib kelingan katta miqdordagi psixotrop moddalarni saqlagan. F.M.ning jinoiy aloqalarini aniqlash maqsadida DXX, Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorlikda tizimli tadbir o‘tkazdilar.
Tadbir natijasida, F.M.ning uyida 3000 dona psixotrop moddalar, shuningdek, tegishli hujjatlarsiz 1,1 milliard so‘mlik tibbiy mahsulotlar aniqlandi. Bundan tashqari, F.M.dan olingan dastlabki izohlarda, u o‘z mahalladoshi D.X.ning uyida ham katta miqdordagi psixotrop moddalar borligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, D.X.ning uyi tekshirilganida, 17 060 dona psixotrop dori vositalari va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 2 973 dona dori-darmonlar aniqlanib, olindi. Bu holatlarga oid tergov ishlari va tezkor tadbirlar yanada chuqurlashtirildi.
Hozirda har ikki shaxsning mazkur moddalarni kimlardan olgani, ularning aloqadorligi va jinoyatning butun mexanizmini to‘liq ochish uchun tergov amalga oshirilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv va o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.