Buxoro sud raisi xonasidan topilgan 50 ming dollar yuzasidan tekshiruv boshlandi

Buxoro shahar sudi raisining xizmat xonasidan 50 ming dollar topilgani haqidagi xabarlar yuzasidan Sudyalar oliy kengashi rasmiy munosabat bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ushbu mablag‘ning 10 ming dollari sud raisining xonasida bo‘lgan advokatning cho‘ntagidan, qolgan 40 ming dollari esa xonadagi shkafdan topilgani aytilgandi.
Sudyalar oliy kengashi ma’lum qilishicha, mazkur holat bo‘yicha advokatga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Sudyaning harakatlari esa Kengash tomonidan xizmat tekshiruvi doirasida o‘rganilmoqda.
Hozirga qadar tergov va xizmat tekshiruvi jarayonida sudyaning advokatdan pul so‘ragani yoki olganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan.
Kengash ma’lumotiga ko‘ra, pul mablag‘lari advokatning yonidan hamda sudyaning xizmat xonasiga kirish qismidagi shkafning ochiq, barchaga ko‘rinib turadigan o‘rta qismidan rasmiy tartibda olingan.
Ayni paytda tergov harakatlari va xizmat tekshiruvi davom etmoqda. Ularning natijalari yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi bildirilgan.
Sudyalar oliy kengashi fuqarolarni tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilishga va tekshiruv yakunlanmasdan turib shoshilinch xulosalar chiqarmaslikka chaqirdi.






























Izohlar 0
…