date

Metan "zapravka"lar yana cheklandi: ish vaqti 10–16 qilib belgilandi

Metan "zapravka"lar yana cheklandi: ish vaqti 10–16 qilib belgilandi

8 yanvardan boshlab avtomobillarga metan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (metan zapravkalar) yangi vaqt tartibida ishlaydi: har kuni soat 10:00 dan 16:00 gacha. Bu haqda Energetika vazirligi rasmiy ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotgani sababli zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu vaziyatda eng birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz va barqaror ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu bois, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilyapti.

Farg‘ona vodiysida esa tartib yanada “joyiga qarab” bo‘ladi: u yerda metan zapravkalarning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimi va umumiy ta’minotdan kelib chiqib belgilanadi. Ya’ni, bosim tushgan paytlarda birinchi bo‘lib aholi, jamoat transporti va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar yoqilg‘i bilan ta’minlanishi ta’minlanadi. Bu — transportning to‘xtab qolmasligi, maktab-bog‘cha, shifoxona, muhim muassasalar va uylardagi isitish tizimlari barqaror ishlashi uchun qilinayotgan chora.

Vazirlik yana bir narsani alohida ta’kidladi: bu cheklovlar vaqtinchalik. Hozir gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilyapti va vaziyat barqarorlashishi bilan ish rejimi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eslatma sifatida: metan zapravkalar faoliyatiga cheklov 12-dekabrdan boshlab kiritilgan, bu qaror qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘idagi texnik nosozlik sabab import tabiiy gaz hajmi qisqargani bilan izohlangan edi. Keyinchalik, 30-dekabrdan barcha metan zapravkalar 24 soatlik ish rejimiga qaytarilgan. Endi esa gaz bosimi bilan bog‘liq holat sabab yana qisqa ish vaqtiga o‘tilyapti.

Haydovchilarga maslahat: yo‘l rejangizni oldindan tuzing, zapravkaga shoshilinch emas, “taym-menejment” bilan boring. Yangi tartib vaqtincha, lekin sabr qilsak, asosiysi — uylar va muhim obyektlar gazsiz qolmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Metan "zapravka"lar yana cheklandi: ish vaqti 10–16 qilib belgilandi