date

Toshkentda 5-avtobus saroyida avtobus yonib kulga aylandi

Toshkentda 5-avtobus saroyida avtobus yonib kulga aylandi

Toshkent shahridagi “5-avtobus saroyi” filiali hududida avtobusda yong‘in chiqqani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi. Hodisa jamoatchilik e’tiborini tortib, turli savollarni ham o‘rtaga tashladi.
“Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yong‘in 13 yanvar kuni tungi soat 02:03 atrofida 2018 yilda ishlab chiqarilgan MAN A22 CNG rusumli avtobusda yuz bergan. Filialning navbatchi nozimlari vaziyatni payqagan zahoti 101 qisqa raqamiga soat 02:10 da qo‘ng‘iroq qilib, yong‘in haqida xabar bergan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli o‘t o‘chirish bo‘linmasi soat 02:20 da avtopark hududiga yetib kelgan. Kuchlar tezkor harakat qilganiga qaramay, yong‘in to‘liq bartaraf etilishi soat 02:40 ga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu avtobusga 10 yillik ish stajiga ega haydovchi biriktirilgan bo‘lib, u avtobusda 101-sonli yo‘nalishda harakatlangan. 12 yanvar kuni soat 04:16 da navbatchi mexaniklar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan va transport vositasi texnik jihatdan soz holatda deb topilgan. Shundan keyin avtobus soat 05:33 da filial hududidan chiqib, kun davomida qatnovlarni to‘liq bajargan hamda soat 22:00 larda ishini yakunlagan.
Keyin haydovchi “Davron sifatli gaz” MCHJga tegishli gaz quyish shoxobchasiga borib, avtobusga gaz quydirgan. Soat 23:29 da esa avtoparkka qaytib kelib, avtobusni eshiklari yopiq holda safga qo‘ygani qayd etilgan.
Hozircha yong‘inning aniq kelib chiqish sababi yuzasidan rasmiy xulosa berilmagan. Ammo tungi vaqtda sodir bo‘lgan bu holat avtoparklarda texnik nazorat va xavfsizlik masalalarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 5-avtobus saroyida avtobus yonib kulga aylandi