Bolalar uchun soxta xayriya orqali firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

Jizzaxda bolalar uchun soxta xayriya yig‘ib, internet orqali firibgarlik qilgan shaxs ushlandi. O‘zbekistonda bolalarni davolash uchun xayriya yig‘ish niqobi ostida ijtimoiy tarmoqlar orqali pul to‘plab, odamlarni aldagan shaxs fosh etildi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan gumonlanuvchi qo‘lga olindi.
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat bolalardan birining otasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganidan so‘ng aniqlangan. U internet tarmoqlarida farzandining fotosuratlari va davolanishi uchun xayriya puli yig‘ilayotgani haqida xabar tarqalayotganini bildirgan hamda ma’lumotlarning noqonuniy tarqalishiga chek qo‘yishni so‘ragan. Shu murojaat ortidan vaziyat tekshiruvga olingan.
Tekshiruv davomida ushbu firibgarlikni 26 yoshli Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlangan. U avval kasal bo‘lgan, ammo hozirda sog‘ayib ketgan bolalarning asl fotosuratlaridan foydalangan holda, o‘zini ularning ota-onasi sifatida tanishtirib, ijtimoiy tarmoqlarda xayriya yig‘ish e’lonlarini joylashtirgan. Eng achinarlisi, aynan bolalar mavzusi orqali odamlarning ishonchi va rahm-shafqatini “ushlab”, xayriyaga o‘xshatib ko‘rsatgan. Yig‘ilgan mablag‘lar esa shaxsiy bank kartalariga kelib tushgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflangan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi — axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik sodir etish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, holatning boshqa epizodlari bor-yo‘qligi ham o‘rganilyapti.
Qonunchilikka muvofiq, mazkur jinoyat uchun 300 dan 400 baravar bazaviy hisoblash miqdori (123 million so‘mdan 164 million so‘mgacha) jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!