OpenAI Appleʼning sud daʼvosiga qarshi chiqdi

OpenAI Appleʼning tijorat sirlarini oʻgʻirlagani haqidagi sud daʼvosini rad etishni soʻrab, sudga rasmiy hujjat taqdim etdi. Kompaniya Apple xodimlarga shaxsiy iCloud akkauntlaridan foydalanishga ruxsat bergani va sobiq xodimlarning kirish huquqlarini o'z vaqtida yopmaganini taʼkidlamoqda. OpenAI daʼvoda keltirilgan maʼlumotlar qonuniy jihatdan tijorat siri maqomiga mos emasligini, shuningdek, Apple ayblovlari noaniq ekanini bildirdi.
Sunʼiy intellekt sohasida yetakchi boʻlgan OpenAI kompaniyasi Appleʼning tijorat sirlarini oʻgʻirlagani bilan bogʻliq sud daʼvosini rad etishni talab qilib, sudga rasmiy hujjat taqdim etdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, OpenAI oʻzining huquqiy himoya strategiyasida sobiq xodimlar maʼlumotlardan foydalanganiga emas, balki Apple kompaniyasining oʻz xavfsizlik amaliyotlari va ishdan boʻshatish jarayonlaridagi jiddiy kamchiliklarga urgʻu bermoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Joriy yilning iyul oyida Apple oʻzining sobiq muhandislari orqali maxfiy apparat taʼminoti maʼlumotlarini qoʻlga kiritish boʻyicha maxsus sxema uyushtirilganini daʼvo qilib, OpenAI ustidan sudga murojaat qilgan edi. Hozirgi bosqichda esa Apple ichki tekshiruvlar natijasida boshqa sobiq xodimlar ham mazkur holatda qatnashgan boʻlishi mumkinligini taʼkidlab, tergov jarayonini tezlashtirishni soʻramoqda.
Xavfsizlikdagi boʻshliqlar va shaxsiy hisoblar
OpenAI tomonidan taqdim etilgan yangi hujjatlar va matnli xabar yozishmalari Apple kompaniyasi oʻz xodimlariga ish jarayonida shaxsiy iCloud akkauntlaridan foydalanishiga ruxqat berganini va xodimlar ketganidan keyin ularning kirish huquqlarini toʻgʻri tarzda yopmaganini koʻrsatadi. Xususan, taqdim etilgan dalillarga koʻra, Apple menejeri oʻzining sobiq xodimi Chang Liu kompaniyani tark etganidan keyin ham uning shaxsiy iCloud hisobiga kirib turgan va texnik masalalarda yordam soʻrab murojaat qilgan.OpenAI maʼlumotlariga koʻra, Apple oʻzining axborotni boshqarishdagi tushunarsiz amaliyotlari va tizimni yetarli darajada himoya qilmagani oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklarni hozirga kelib "oʻgʻrilik" deb talqin qilmoqda. Kompaniya bu dalillar orqali Apple taqdim etayotgan maʼlumotlar qonuniy jihatdan "tijorat siri" maqomiga mos kelmasligini isbotlashga harakat qilmoqda.
Raqobat va isteʼdodlar uchun kurash
Shuningdek, OpenAI daʼvoda keltirilgan ayblovlar aniq emasligini, Apple kompaniyasi mahsulotni ishlab chiqish jarayonining umumiy toifalarini — komponentlar ishlab chiqarish, sinovdan oʻtkazish, yetkazib beruvchilar va tarqatish kanallarini shunchaki umumiy tarzda keltirib oʻtganini taʼkidladi. Hujjatda qayd etilishicha, OpenAI Appleʼning tijorat sirlariga muhtoj emas, chunki kompaniya mutlaqo yangi va oʻzgacha mahsulotlar ustida ishlamoqda.OpenAI bayonotiga koʻra, Apple oʻzining sunʼiy intellekt bozoridagi muvaffaqiyatsizliklari hamda eng yaxshi muhandis va dasturchilarni oʻzida saqlab qolisha olmagani oʻrnini qoplash uchun ushbu asossiz sud daʼvosidan bahona sifatida foydalanmoqda. Mutaxassislar mazkur sud jarayoni texnologiya gigantlari oʻrtasidagi kadrlar va innovatsiyalar uchn kurash yanada keskinlashganini koʻrsatishini taʼkidlashmoqda.






























Izohlar 0
…