15 yildan so‘ng nohaq ayblangan bojxonachi oqlandi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Farg‘ona” bojxona postida ishlab kelgan sobiq inspektor A. Abdullayev (ism-sharif o‘zgartirilgan) 15 yil o‘tib sud qarori bilan to‘liq oqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2010 yilda pora olishda aybdor deb topilib, to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan hamda bojxona organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan edi. Biroq ish kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqilib, unga qo‘yilgan ayblovlar ishonchli va yetarli dalillar bilan tasdiqlanmagani aniqlandi.
Sud muhokamasi jarayonida sobiq inspektor tergov paytida o‘ziga nisbatan bosim o‘tkazilgani va qiynoqlar sabab aybni tan olishga majbur bo‘lganini bildirgan. Guvohlarning ko‘rsatmalari ham uning aybsiz ekanini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, tekshiruv davomida ayrim holatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan vaqtda A. Abdullayev umuman mazkur bojxona postida faoliyat yuritmagani ham ma’lum bo‘ldi.
Natijada Farg‘ona viloyati sudi 2010 yilda chiqarilgan hukmni bekor qildi, sobiq inspektorni aybsiz deb topib, to‘liq oqladi. Shuningdek, unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qonun doirasida undirish huquqi borligi tushuntirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil davomida mamlakat sudlari tomonidan jami 422 nafar shaxs oqlangan. Bu esa sud-huquq tizimida adolat va mustaqillik tamoyillari izchil mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!