2026 yil 1 iyuldan kvartplata kechiksa elektr to‘lovi to‘xtashi mumkin

2026 yil 1 iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylarda majburiy to‘lov (kvartplata)ni o‘z vaqtida to‘lamaslik yanada qattiqroq nazorat qilinadi. Prezidentning 5 fevraldagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qaroriga ko‘ra, agar turar joy mulkdori uyning bank hisobvarag‘iga majburiy to‘lovni oyning 15-sanasigacha amalga oshirmasa, uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilish qarzdorlik to‘liq yopilgunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi.
Ya’ni, “kvartplata keyinroq to‘larman” degan kayfiyat endi elektr to‘lovi bo‘yicha ham “stop”ga urilishi mumkin. Maqsad esa bitta: uyning umumiy ehtiyojlari uchun yig‘iladigan mablag‘larni barqaror qilish va qarzdorlik zanjirini uzish.
Uy puli avvalo qayerga ketadi?
Qarorda qayd etilishicha, ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘idagi mablag‘lar har oyda birinchi navbatda aynan uyning elektr energiyasi to‘lovlari uchun yo‘naltiriladi. Bu degani:
- pod’ezd, zinapoya va yo‘laklar yoritilishi;
- lift ishlashi;
- uy atrofi hudud yoritilishi;
- nasos va boshqa umumiy uy ehtiyojlari.
Shu sabab, majburiy to‘lovlarning kechikishi umumiy tartib-intizomga ta’sir qiladi: lift to‘xtashi ham, yo‘laklar qorong‘ulashishi ham aynan shu zanjirdan boshlanishi mumkin.
Kechiktirsangiz penya ham qo‘shiladi
Majburiy to‘lovlar kechiktirilgan har bir kun uchun penya (jarima) hisoblanadi:
- yuridik shaxslar uchun — 0,4%
- jismoniy shaxslar uchun — 0,1%
Bir muhim cheklov bor: penya har bir oy uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak.
Penya mablag‘lari ham ikki yo‘nalishga teng ulushlarda bo‘linadi:
- ko‘p kvartirali uyning bank hisobvarag‘iga;
- “Mening uyim” tizimini saqlash xarajatlarini qoplashga.
To‘lovlarni qanday qilish mumkin?
Qarorga ko‘ra, majburiy to‘lovlar faqat quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
- bank kartalari;
- elektron to‘lov tizimlari;
- bank kassalari.
Nima qilish kerak, muhimi “posledniy moment”ga qolmasin
Eng to‘g‘ri yo‘l — 15-sanani “qizil chiziq” deb qabul qilish. Qulay variantlar:
- kartangizda avtoto‘lovni yoqish (imkoni bo‘lsa);
- telefonga oylik eslatma qo‘yish;
- qarzdorlik chiqmasidan oldin to‘lovni 10–12 sana atrofida qilib qo‘yish.
Chunki keyin “elektr to‘lovim o‘tmay qoldi” degan vaziyatga tushib qolmaslik — nervni ham, vaqtni ham asraydi. Kelajakda uy boshqaruvi “qarzga yashash” emas, reja bilan yashashga o‘tishi kerak — bu real.