Istanbulda Durdona Hakimovaning dugonasi ham xuddi shunday o'ldirilgani aniqlandi

Turkiyaning Istanbul shahrida Durdona Hakimova bilan bog‘liq fojiali voqeadan so‘ng bedarak deb e’lon qilingan va 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Ergashaliyeva Sayyoraning ham o‘ldirilgani rasman tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sayyora Ergashaliyeva marhuma Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan. Tergov jarayonida gumonlanuvchilar Sayyora yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Ammo o‘rganishlar natijasida ikki marhumaning o‘limi o‘zaro bog‘liq ekani aniqlandi.
Taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, 22 yanvar kuni Ergashaliyeva va gumonlanuvchilar Istanbulning Fotih tumanidagi restoranda uchrashgan. U yerda kelishmovchilik kelib chiqqan va marhuma O‘zbekistonga qaytish niyatini bildirgani, mojaroga sabab bo‘lgan. 23 yanvar kuni gumonlanuvchilar uni pichoqlab o‘ldirib, jasadini bo‘laklab chiqindilar qutisiga tashlab yuborishgan.
Ertasi kuni, 24 yanvarda esa, ular Ergashaliyevaning telefoni orqali Durdona Hakimovani chaqirib, uni ham xuddi shunday shafqatsizlik bilan o‘ldirishgan. Uning jasadi qismlari Shishli tumanidagi chiqindilar qutisida topilgani xabar qilingan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan bo‘lib, o‘z ayblarini tan olishgan. Holat yuzasidan Turkiya huquq-tartibot organlari va O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamkorlikda ish olib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!