Buxoroda “hayp” uchun odamni osib reklama qilganlar jazolandi.

Buxoro viloyatida ijtimoiy tarmoqlarda “shov-shuv” qilish istagi yana bir bor jamoatchilikni larzaga soldi. Peshku tumanidagi oshxonalarning birida Instagram uchun sahnalashtirilgan videoda fuqaro oyog‘idan osib qo‘yilgan, “qassob” rolidagi shaxs esa uning atrofida pichoq charxlab turgani aks etgan.
Qisqa vaqt ichida tarqab ketgan bu tasvirlar odamlar orasida qattiq norozilik va keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bildirishicha, rolik kanal admini va umumiy ovqatlanish shoxobchasi egalari o‘zaro kelishgan holda, mijozlarni jalb qilish va ijtimoiy tarmoqda ommalashish maqsadida tayyorlangan.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu “hayp” ortidan qilingan harakatlar reklama haqidagi qonun talablarga ham, jamoat tartibi va odob-axloq me’yorlariga ham zid bo‘lgan.
To‘plangan materiallar Peshku tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilib, huquqbuzarlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan aybdor deb topildi. Natijada ularga BHMning 7 barobari miqdorida jarima tayinlandi.
Aytish joiz, yaqinda internetda o‘z huquqbuzarligini tarqatganlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda qabul qilingani xabar qilingan edi. Bu esa “kontent” deb qilingan har ishning ham oqibati borligini yana bir bor eslatyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!