Toshkentda minglab fuqarolar ma’lumotlarini o‘zlashtirib olgan shaxs qo‘lga olindi

Toshkent shahrida axborot tizimlaridan foydalanib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va firibgarlik yo‘li bilan pulni o‘zlashtirgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1995 yilda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida tug‘ilgan gumondor Farg‘ona viloyati IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi o‘tkazgan tezkor tadbir davomida fosh etilgan. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «g» bandi (axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahar Yunusobod tumanida qo‘lga olingan.
Tergov hujjatlariga ko‘ra, Farg‘ona tumani «Shohimardon» mahallasida yashovchi fuqaro Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda noma’lum shaxs Telegram orqali bog‘lanib, o‘zini “Green Bio Fase” MCHJ vakili sifatida tanishtirgan va jabrlanuvchi “Omadli mijoz” loyihasida g‘olib bo‘lganini aytgan. Firibgar maishiy texnika xaridining 80 foizi kompaniya tomonidan qoplanishini, qolgan 20 foizini esa ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkazish lozimligini bildirgan. Jabrlanuvchi ushbu gaplarga ishonib, 3,5 million so‘m pul o‘tkazib bergan.
Aniqlanishicha, gumondor Telegramda “Green Bio” nomli sahifa ochib, shu orqali aldov ishlari bilan shug‘ullangan. Uning telefoni tekshirilganda, «Laktovita» nomli tibbiy mahsulot savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona tizimi orqali 6871 nafar mijozning shaxsiy ma’lumotlarini yuklab olgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqarolarga nisbatan ham shu turdagi jinoyatlarni amalga oshirgani qayd etilmoqda.
Qo‘lga olingan shaxs o‘z ko‘rsatmasida avval sotuv menejeri lavozimida ishlaganini, ishdan bo‘shagach, mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib, ular yutuq qo‘lga kiritganini aytgan holda pul o‘tkazdirib olganini va mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari fuqarolarni noma’lum shaxslarning bunday aldovlariga uchmaslikka chaqirdi.
Qonunchilikka ko‘ra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik uchun katta miqdorda jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.